Universitetda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka bag‘ishlangan respublika konferensiyasi o‘tkazildi

Namangan davlat universitetida “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – kelajak taraqqiyotining muhim omili” mavzusiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Namangan davlat universiteti, Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha Namangan viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakilligi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada respublikaning turli hududlaridan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, olimlar, doktorantlar, magistrantlar, mutaxassislar va iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Shuningdek, Rus, Koreys, Tojik, Qirg‘iz va boshqa milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda xodimlari faol qatnashib, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini rivojlantirish borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Konferensiya davomida yosh avlodni millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashning ijtimoiy-falsafiy jihatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida bag‘rikenglikning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy asoslari, globallashuv sharoitida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning ijtimoiy-madaniy talqini, shuningdek raqamli dunyoda totuvlik va bag‘rikenglik madaniyati transformatsiyasiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Sho‘balarda taqdim etilgan ma’ruzalar yoshlar ongida bag‘rikenglik va totuvlik qadriyatlarini mustahkamlash, raqamli makonda yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, jamiyatda totuvlik muhitini yanada kuchaytirishga qaratildi.

Konferensiya yakunida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishga doir ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Namangan davlat universiteti Axborot xizmati

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image