Namangan davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, taniqli tarixchi-arxeolog olim, professor Ahmadali Asqarov tavalludining 90 yilligi hamda uning 70 yillik ilmiy-ijodiy faoliyati munosabati bilan katta ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, prorektorlar, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shuningdek viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev kirish so‘zi bilan ochib, akademik Ahmadali Asqarovning ilmiy merosi, arxeologiya va tarixshunoslik sohasidagi ulkan xizmatlari, yurtimiz ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov so‘zga chiqib, akademikning ilmiy maktab yaratishdagi roli, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.
Akademik Ahmadali Asqarov bag‘ri keng, talabchan va sahiy ustozlardan sanaladi. U o‘z ilmiy rahbarligida 24 ta nomzodlik, 8 ta doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoyaga yetaklagan bo‘lib, bugungi kunda ham bir qator yosh tadqiqotchilar uning rahbarligida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Tadbir davomida respublikamizning taniqli akademiklari, yetuk professor-o‘qituvchilari, ilm-fan rivojining jonkuyar namoyandalari, shuningdek Qirg‘iziston Respublikasidagi Qirg‘iz-Turk Manas universiteti professorlari ham o‘z nutqlari bilan ishtirok etib, ulug‘ olimning ilmiy merosi, arxeologiya fani rivojiga qo‘shgan hissasi, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida iliq fikrlar bildirdilar.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati