Namangan davlat universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev raisligida joriy o‘quv yilidagi navbatdagi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Kengash a’zolari, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.
Kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, 2025 yil — “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturining universitetdagi ijrosi yuzasidan Biotexnologiya fakulteti dekani A. Batoshovning axboroti tinglandi.
Universitet rektori universitet hududining ekologik qiyofasini yaxshilash, mavjud daraxt va butalarni parvarishlash, yangi ko‘chatlar ekish bo‘yicha oyma-oy “Yashil makon” aksiyalarini tashkil etish zarurligini alohida ta’kidlab, tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, Jahon tillari fakultetida o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kompleks o‘rganish natijalari to‘g‘risida ishchi guruh rahbari B. Talapovning axboroti tinglandi va mazkur yo‘nalishda amaliy ishlarni tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.