Ma'lumotlar:
- Ilmiy tadbir
- 29.05.2024-yil
- 09:55
- 1333
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 4-iyul PQ-200 Qarori 9-bandi beshinchi xatboshisida belgilangan “2024-yilda xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi”ga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 18-yanvardagi 16-son buyrug‘i asosida 2024-yilning 24-25-may kunlari Namangan davlat universitetida “Markaziy Osiyoda biologik xilma-xillikni saqlash: muammolar, yechimlar va istiqbollari” mavzusida I xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Respublikamizda Namangan davlat universiteti o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib, biologiya yo‘nalishining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan strategik vazifalarni ro‘yobga chiqara oladigan yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlab berishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Namangan davlat universiteti jamoasi tomonidan bioxilma-xillik doirasida bir qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jumladan ushbu tadbirlar doirasida “Markaziy osiyoda biologik xilma-xillikni saqlash: muammolar, yechimlar va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Anjuman iqlimning global o‘zgarishi sharoitida biologik xilma-xillikdagi mavjud muammolari va ularning yechimlari, mazkur yo‘nalishdagi xalqaro tajribani o‘rganish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarining ilmiy asoslariga qaratiladi. Jahon talablariga mos innovatsion metodlar va texnologiyalarni sohaga qo‘llash orqali ilmiy-tadqiqotlarni o‘tkazishdan iborat.
Konferensiyaning asosiy strategik maqsadi bioxilma-xillikka oid hozirgi va istiqboldagi muammolarni aniqlash, zamonaviy bilim va tajriba almashish va Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, olimlarning ilmiy izlanishlarini birlashtirish, zamonaviy ilm-fanda bioxilma-xillik muammolari bo‘yicha tajriba almashish hamda bu tajribani yosh tadqiqotchilarga yetkazish anjumanning vazifalaridan hisoblanadi.
Oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni halqaro integratsion jarayonlarda ishtirokini faollashtirish orqali innovatsion hamkorlikni mustahkamlashni ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini tahlil qilish, baholash va rag‘batlantirish anjumanning vazifalaridan hisoblanadi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Genetika va o‘simlikar eksperimental biologiyasi instituti tashkilotlarining yetakchi mutaxassislari va boshqa OO‘YU yetuk olimlari, professor-o‘qituvchilari va iqtidorli yoshlari hamda ilmiy tekshirish institut va markazlari yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Konferensiyani Namangan davlat universiteti, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Xolmatov Dilshodjon Sattorjonovich ochib berdi. Xalqaro ilmiy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti direktori Akademik Tojiboyev Komiljon Sharobitdinovich, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Xushvaqtov Islom Nortashevich, Xodjayeva Moxira Mirzaaxmedovna, Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti professori Liu Danhui, Negev Ben Gurion universiteti (Isroil) professori Sergey Volis, Tabiatni Muhofaza Qilish Xalqaro Ittifoqi (IUCN) Turlarni muhofaza qilish komissiyasining Yovvoyi lolalar bo‘yicha mutaxassislar guruhi hamraisi (Kembrij, Buyuk Britaniya) PhD. Brett Wilson (online), Konkordia universiteti (Monreal, Kanada) professori, doktor Rahman Ghaffarzadekan, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Genetika va o‘simlikar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Professor Kushanov Faxriddin Ne’matullayevichlar plenar ma'ruzalarida ishtirok etdilar.
Anjumanning sho‘ba yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli turli institutlar vakillari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar, sohalarning malakali kadrlari hamda professor-o‘qituvchilari onlayn va oflayn ishtirok etishdi. Anjuman doirasida 4 ta sho‘ba ish olib borib, unda jami 50 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Unda doktorantlar, magistrlar va yosh iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari muhokama qilindi.
Anjuman yakunida tayanch doktorantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, iqtidorli talabalar bilan seleksion ishlarni olib borish va ularni istiqbolli ilmiy mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarga jalb etish, ilm-fan va ishlab chiqarish sohasidagi turli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.