Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida 13-mart kuni Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining III forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur nufuzli tadbir ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Saidzoda Rahim Hamro, vazirlikning mutasaddi vakillari hamda O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fan: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida o‘tayotgan forumda Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham faol ishtirok etmoqda.
Ta’lim vazirlari o‘z nutqlarida mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasida olib borilayotgan samarali hamkorlik aloqalari, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda strategik maqsadlar haqida so‘z yuritdilar.
Shundan so‘ng ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim davomida Namangan davlat universiteti hamda Tojikiston davlat moliya-iqtisodiyot universiteti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Forum davom etmoqda...
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati