Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya Boku Slavyan universitetiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, akademik hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Delegatsiyani Boku Slavyan universiteti rahbariyati boshchiligidagi universitet jamoasi iliq va samimiy ruhda kutib oldi.
Boku Slavyan universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim jarayonini tashkil etish, ko‘p tilli ta’lim modeli, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar oliy ta’lim sohasida tajriba almashish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Abdug‘affor Qirg‘izboyev Boku Slavyan universitetining Axborot-resurs markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U yerda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor, o‘quv-uslubiy adabiyotlarni raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, hozirgi kunda jadal rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tillarni o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar ham ko‘zdan kechirildi.
Tashrif doirasida Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitet talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Universitetimiz rektori talabalarga Namangan davlat universiteti faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Tashrif davom etmoqda...