Avval xabar berganimizdek, Ispaniyaning Madrid shahrida O‘zbekiston–Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etmoqda.
Forum doirasida Namangan davlat universiteti va Ispaniyaning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi. Xususan, Saragosa universiteti, Leon universiteti hamda Malaga universiteti bilan ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.
Alohida ta’kidlash joizki, 1542-yilda tashkil etilgan Saragosa universiteti Ispaniyaning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. QS World University Rankings 2026 reytingida 638-o‘rinni egallagan ushbu universitet bugungi kunda tabiiy fanlar, muhandislik, tibbiyot va gumanitar yo‘nalishlarda kuchli ilmiy salohiyatga ega bo‘lib, xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Mazkur universitet bilan o‘rnatilgan hamkorlik talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
1979-yilda tashkil etilgan Leon universiteti Ispaniyaning zamonaviy va ilmiy-tadqiqot faoliyati rivojlangan oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Universitet veterinariya, biologiya, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari hamda muhandislik yo‘nalishlarida yuqori natijalarga ega bo‘lib, QS World University Rankings 2026 reytingida dunyoning TOP-1200 talik universitetlari qatoridan joy olgan.
Malaga universiteti esa Ispaniyaning janubidagi yirik ilmiy-ta’lim markazlaridan biri bo‘lib, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muhandislik va biznes ta’limi yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda tanilgan.
Imzolangan memorandumlar ikki tomonlama akademik hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda xalqaro ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.