Namangan davlat universitetining Xitoy Xalq Respublikasidagi yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorligi bugungi kunda aniq ilmiy natijalar, yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar va akademik tajriba almashinuvi bilan izchil rivojlanib bormoqda.
Universitetimiz Xitoy Fanlar akademiyasining Kunming Botanika instituti, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti hamda boshqa ilmiy markazlar bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu aloqalar doirasida NamDU bitiruvchilari va yosh olimlari Xitoyning nufuzli ilmiy muassasalarida tahsil olib, doktorlik tadqiqotlarini amalga oshirgan. Bugungi kunda ham universitetimiz doktorantlaridan biri Kunming Botanika institutida to‘liq grant asosida tahsil olmoqda.
Hamkorlikning muhim jihatlaridan biri — ilmiy tadqiqotlarning bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirilayotganidir. Xitoyning Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan biotexnologiya, mikrobiologiya, biokimyo, molekulyar biologiya, botanika va zoologiya yo‘nalishlarida ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik bioxilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda o‘simliklarni biotexnologik usullar orqali ko‘paytirishga qaratilgan tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
NamDU va Xitoy ilmiy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarning yana bir muhim natijasi — qo‘shma ilmiy faoliyatdir. Universitet olimlari xitoylik hamkasblari bilan hamkorlikda ko‘plab ilmiy tadqiqot natijalarini e’lon qilgan, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur hamkorlik doirasida Xitoyda tahsil olayotgan va ilmiy izlanish olib borayotgan NamDU doktorantlari hamda yosh olimlari bilan videointervyular tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ularning Xitoydagi ilmiy muhiti, laboratoriya imkoniyatlari, grant asosida tahsil olish tajribasi, xalqaro ilmiy jamoaga integratsiyalashuvi va orttirgan bilimlarini O‘zbekiston ilm-fani rivojiga tatbiq etish borasidagi fikrlari keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
Bunday loyihalar nafaqat ilmiy salohiyatni oshirish, balki turli millat va madaniyat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Bugungi kunda xalqaro hamkorlikning haqiqiy natijasi faqat imzolangan memorandumlar bilan emas, balki xorijda bilim va tajriba orttirayotgan yoshlarimiz, yaratilayotgan qo‘shma ilmiy loyihalar va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirayotgan ilmiy muloqot bilan namoyon bo‘lmoqda.
Namangan davlat universiteti xalqaro ilm-fan va ta’lim makonida o‘z hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirishda davom etadi.
Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektor, Feruza Erkulova