Namangan davlat universiteti va Tojikiston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
- Bosh sahifa
- Faoliyat
- Xalqaro aloqalar
- Namangan davlat...
- 16.04.2024
- 11:37
- 450

Ayni kunlarda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida muhim voqea - O‘zbekiston-Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II Forumi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman “2030 yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Ushbu nufuzli anjuman xalqaro aloqalar ko‘lami va samaradorligini tobora kengaytirayotgan Namangan davlat universiteti uchun ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
Forumda ishtirok etayotgan universitet rektori Turg‘unov Sobitxon Toshpo‘latovichning ma’lum qilishicha, Tojikiston milliy universiteti va Namangan davlat universiteti o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolangan. Unga asosan, kelgusida Tojikiston milliy universiteti bilan o‘qituvchi va talabalarning akademik almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, tajriba almashish, stajirovka o‘tash, ilmiy anjumanlar, dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha kengashlar ishida ishtirok etish, ikki davlat olimlari tomonidan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, birgalikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
E’tiborli jihati shundaki, forumning yalpi majlis yakuni bo‘yicha esa har ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida jami 50 dan ziyod bitim, anglashuv memorandumlari va yo‘l xaritalari imzolandi. Albatta, bunday hamkorlik ilm-fan rivojiga, kadrlar salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi.
Qidirish
So'nggi yangiliklari
O‘ZARO HURMAT VA DO‘STLIKNING OLIY NAMUNASI
- 13.03.2025