TG (2).jpg

 

Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, qadrli hamkasblar!

Siz, azizlarni, yurtimiz kelajagi, navqiron avlod taqdiri uchun eng sharafli va mas’uliyatli ishni – ta’lim-tarbiya jarayonini o‘z hayotiga maqsad qilib olgan fidoyi insonlar sifatida chin qalbimdan tabriklayman. Har yili nishonlanadigan bu bayram kunida sizlarga bo‘lgan ehtiromimiz, minnatdorligimiz yanada yorqin ifoda topadi.

Bugun Prezidentimiz rahnamoligida so‘nggi sakkiz yil davomida mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan sohasiga davlat miqyosida ulkan e’tibor qaratilib, xarajatlar bir necha barobar oshirildi, yuzlab yangi bog‘chalar, maktablar, texnikum va oliygohlar barpo etildi. Ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga, ta’lim dargohlarini zamon talablari asosida jihozlashga qaratilgan islohotlar natijasida yurtimizda yoshlarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Universitetimiz hayotida ham ana shu islohotlar samarasi yaqqol sezilmoqda: yangi o‘quv binolari, zamonaviy jihozlangan auditoriyalar, ilmiy tadqiqotlar uchun imkoniyatlarning kengayishi, xalqaro hamkorliklarning ortib borishi — bularning barchasida siz, hurmatli ustozlarning mehnati va tashabbuskorligi asosiy o‘rinda turadi.

Sizlarning fidoyiligingiz tufayli bugun minglab yoshlarimiz bilim olib, ezgu maqsadlar sari intilmoqda, yuksak marralarni zabt etmoqda. Har bir shogirdning muvaffaqiyati ortida sizning sabr-toqatingiz, mehringiz va zahmatli mehnatingiz mujassam. Shogirdlarimizning ilmiy yutuqlari, xalqaro tanlovlardagi g‘alabalari va jamiyat hayotidagi faol ishtiroklari sizlar uchun eng katta e’tirofdir.

Ayniqsa, bayram arafasida davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan, Namangan davlat universitetining Kimyo kafedrasi  professori Abdullayev Shavkat Vaxidovichning II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangani butun jamoamizdagilar yuragiga o‘zgacha g‘urur va iftixor baxsh etdi.

Shuningdek, kuni kecha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim sohasida vijdonan faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli ta’lim olishida o‘zining fidokorona mehnati bilan namuna bo‘layotgan, tizim rivoji uchun munosib hissa qo‘shib kelayotgan Namangan davlat universitetining sport klub rais o‘rinbosari Ortiqaliyev Akbarjon Ismoiljon o‘g‘li va sport faoliyati va jismoniy tarbiya kafedrasi dotsenti Egamberdiyev Ilhomjon Ergashevich «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan hamda Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan san’atshunoslik kafedrasi professori Inatullayev Bahromjon Boijonovich taqdirlandilar.

Men barcha mukofotlangan va taqdirlangan ustozlarimizni yuksak davlat mukofotlari bilan shaxsan o‘zim nomimdan hamda hamkasblarimiz, talaba-yoshlar nomidan tabriklayman!

Muhtaram ustozlar, aziz murabbiylar!

Ustozlik — bu nafaqat kasb, balki yuksak mas’uliyat va ma’naviy burchdir. Sizlar yosh avlod qalbiga ilm va ma’rifat, milliy qadriyatlar, insoniy fazilatlar urug‘ini ekib, ertangi kunga ishonch bilan qarashimizga sabab bo‘lib kelmoqdasiz.

Shu muborak kunda sizlarning barchangizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, ilmiy va ijodiy yutuqlar tilayman. Mehnatingiz samarasi doim barakali bo‘lsin, shogirdlaringizning izzat-u hurmati, el-yurtning ehtiromi sizga hamisha yor bo‘lsin!

Abdug‘affor Qirg‘izboyev

Namangan davlat universiteti rektori

 

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image