Namangan davlat universitetiga Avstriyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Krems amaliy fanlar universiteti (IMC Krems University of Applied Sciences) delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Krems amaliy fanlar universiteti Kuzatuv kengashi raisi, professor Janob Haynz Boyer boshchiligidagi universitet bosh ijroji direktori Udo Brendle, Krems amaliy fanlar universiteti xalqaro masalalar bo‘yicha bo‘linma rahbari Chen Yanglarni tashrif bilan samimiy qutladi.

Universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev mehmonlarni Namangan davlat universitetining xalqaro hamkorlik sohasidagi tashabbuslari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Krems amaliy fanlar universiteti 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Vena shahrida joylashgan. Ayni paytda 3100 nafar talaba va 560 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Universitet 200 ga yaqin xalqaro hamkorga ega bo‘lib, Yevropa va xalqaro sifat nazorat agentliklari tomonidan ISO 9001, ISO 14001 va ISO 29990 sertifikatlariga ega. Mazkur universitet Ozarbayjon, Xitoy, Misr, Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonning Iqtisodiyot universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.

Professor Haynz Boyer uchrashuv davomida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:

-Namanganga ilk bor kelishim. Gullar yurti menda katta taassurot qoldirdi. Viloyatda turzim, mehmonxona xo‘jaligi va ta’limni birlashtirgan katta loyihani rejalashtirib turibmiz. Bu dual ta’limga asoslanadi va ishonchim komil, hamkorligimiz kelajakda Namangan-Yevropa aloqalarida ko‘prik bo‘ladi

Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi hamda kelgusida qo‘shma fakultetni ochish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarining mustahkamlanishi ikki mamlakat yoshlarini global turizmning yangi bosqichlariga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shuningdek, o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqot va akademik dasturlarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot hamda o‘qituvchi kadrlar almashinuvi, umumiy manfaatga ega bo‘lgan nashrlar va ilmiy materiallar bilan almashish, talabalar va bitiruvchilar uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish, media va axborot resurslarini ishlab chiqish bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzoladilar.

Ushbu memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va turizm sohalarida yangi bosqichdagi hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘ldi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image