Namangan davlat universitetida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayonlari samaradorligini ta’minlash hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish maqsadida universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Yuridik, Tibbiyot va Iqtisodiyot fakultetlariga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida rektor fakultetlarning moddiy-texnik bazasi, o‘quv xonalari, laboratoriyalar, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan auditoriyalar holatini ko‘zdan kechirdi. O‘quv jarayonining interaktiv yondashuvlar asosida tashkil etilayotgani, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, amaliy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan infratuzilmalar holati bilan tanishdi.

Mazkur tashrif universitet rahbariyatining ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini rag‘batlantirish hamda talabalarning darsdan tashqari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.

Shuningdek, uchrashuv davomida 2025/2026-o‘quv yilida fakultetlar faoliyatining istiqbolli rejalari muhokama qilindi.

Yuridik fakultetida kelgusi o‘quv yilida kafedralar sonini ko‘paytirish, yangi o‘quv dasturlarini joriy etish hamda malakali mutaxassis-o‘qituvchilar tarkibini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tibbiyot fakultetida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi xodimlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida (https://president.uz/oz/lists/view/8642) belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, fakultetda yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, ilmiy-amaliy faoliyatni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish bo‘yicha rejalar muhokama etildi.

Iqtisodiyot fakultetida esa fakultetning ilmiy salohiyatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish hamda talabalarga ajratiladigan kvotalar sonini oshirish masalalari tahlil qilindi.

Tashrif yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev fakultet rahbarlari va mas’ul xodimlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image