Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fakultetning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, bitiruvchilarning bandlik holati, shuningdek, fakultet va kafedralarning 2025/2026 o‘quv yilidagi istiqbolli rejalari, hozirgi ehtiyojlardan kelib chiqib yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish hamda mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Filologiya fakulteti universitetning eng ilg‘or va nufuzli fakultetlaridan biri bo‘lib, hozirda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 2 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Fakultet tarkibida “O‘zbek tilshunosligi”, “O‘zbek adabiyotshunosligi” hamda “Rus tili va adabiyoti” kafedralari faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda fakultetda 2069 nafar talaba ta’lim olmoqda. Ulardan 210 nafari davlat granti, 1859 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda. Fakultetda 66 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi, shundan 34 nafari ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lib, ilmiy salohiyat 57,6 foizni tashkil etadi.
Universitet rektori fakultetda yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini oshirish, shuningdek, joriy o‘quv yilida fakultetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
2025-yil davomida fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda 3 ta, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 79 ta maqola chop etilgan. Shuningdek, 2 ta monografiya hamda 172 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy maqolalar e’lon qilingan.
Rektor ushbu natijalarni e’tirof etar ekan, fakultet professor-o‘qituvchilarining ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar sonini oshirish hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga jalb etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
Fakultet Rossiya, Qirg‘iziston va Hindiston oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. “Rus tili va adabiyoti” kafedrasi tomonidan 40 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.
Rektor fakultet rahbariyati va jamoasiga xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, mavjud hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda xalqaro konferensiyalar, seminarlar va ilmiy-amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuv davomida belgilangan vazifalar fakultetning ta’lim va ilmiy salohiyatini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar faoliyatini rivojlantirish hamda xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishni ta’minlashga qaratildi.


