Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Biotexnologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fakultetning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, bitiruvchilarning bandlik holati hamda fakultet va kafedralarning 2025/2026 o‘quv yilidagi istiqbolli rejalarini muhokama qilindi. Shuningdek, hozirgi ehtiyojlardan kelib chiqib yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini oshirish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Biotexnologiya fakulteti 2019-yilda Tabiiiy fanlar fakulteti tarkibidan mustaqil fakultet sifatida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 12 ta bakalavriat yo‘nalishi va 2 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Fakultet tarkibida “Biologiya” va “Biotexnologiya” kafedralari faoliyat yuritadi.
Bugungi kunda fakultetda 920 nafar talaba ta’lim olmoqda, ulardan 209 nafari davlat granti, 711 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi. Fakultetda jami 52 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi, shundan 43 nafari asosiy shtatda, 5 nafari ichki va 4 nafari tashqi o‘rinbosar sifatida ishlaydi. Asosiy shtatda ishlovchi professor-o‘qituvchilarning 29 nafari ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lib, fakultetning ilmiy salohiyati 61% ni tashkil etadi.
Universitet rektori uchrashuvda fakultet rahbariyatiga ilmiy salohiyatni oshirish, yangi ta’lim yo‘nalishlarini joriy etish, mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini kengaytirish hamda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
2025-yil davomida fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda 10 ta, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 51 ta maqola, shuningdek, 19 ta monografiya hamda 109 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy maqolalar chop etildi.
Fakultet xorijiy hamkorlikni rivojlantirish borasida Xitoy, Rossiya va Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik o‘rnatgan. Shu orqali Kunming Botanika institutida 1 nafar doktorant to‘liq grant asosida tahsil olmoqda, Belarus universiteti bilan 843 mln so‘mlik ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, Rossiya Biotexnologiya universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan esa xalqaro konferensiyalar o‘tkazilgan.
Rektor fakultet jamoasiga xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy va ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda xalqaro konferensiyalar va seminarlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan birga, talabalarni akademik mobilizatsiya dasturlariga jalb qilish va xalqaro akreditatsiya talablarini bajarish zarurligini ta’kidladi.
Ma’naviy va ma’rifiy ishlar doirasida fakultetda 430 nafar talabalar na’munaviy forma kiyib, talabalarning 9% dres-kodga rioya qilmaydi. Kutubxonaga a’zo bo‘lgan talabalar soni 266 nafar, 2 ta fan to‘garagiga esa jami 110 nafar talabalar jalb etilgan. Shuningdek, “Bir haftada–bir kitob” loyihasida fakultet talabalarining faol ishtiroki ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev fakultet jamoasining ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, talabalarning ta’lim sifatini yaxshilash hamda yangi o‘quv yo‘nalishlarini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.


