Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev San’at va sport fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fakultetning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, bitiruvchilarning bandlik holati, shuningdek, fakultet va kafedralarning 2025/2026 o‘quv yilidagi istiqbolli rejalarini muhokama qilindi. Shuningdek, hozirgi ehtiyojlardan kelib chiqib yangi yangi sport va san’at ta’lim yo‘nalishlarini ochish, mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini oshirish, kafedralar sonini kengaytirish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
San’at va sport fakulteti 2025-yilda sobiq Pedagogika fakulteti negizida tashkil etilgan bo‘lib, universitetdagi professor-o‘qituvchilar soni, talabalar kontingenti va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha eng yirik fakultet hisoblanadi. Hozirda fakultetda 19 ta bakalavriat yo‘nalishi va 2 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Fakultet tarkibida “Pedagogika”, “San’atshunoslik”, “Psixologiya”, “Sport turlari nazariyasi va metodikasi” hamda “Jismoniy tarbiya va amaliy sport turlari” kafedralari faoliyat yuritadi.
Bugungi kunda fakultetda 2734 nafar talaba ta’lim olmoqda, ulardan 315 nafari davlat granti, 2419 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi. Talabalar kunduzgi, kechki, sirtdan va masofaviy shaklda ta’lim olishmoqda. Fakultetda jami 122 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda universitet rektori fakultet rahbariyatiga ilmiy salohiyatni oshirish, kafedralar sonini kengaytirish, yangi sport va san’at yo‘nalishlarini joriy etish, mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini kengaytirish hamda ta’lim sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
2025-yil davomida fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda 3 ta, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 111 ta maqola, shuningdek, 2 ta monografiya hamda 260 ta xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy maqolalar chop etildi.
Fakultetda 2024/2025 o‘quv yilida jami 2729 nafar bitiruvchidan 2313 nafari diplom oldi, ularning 1861 nafari ishga joylashgan, jami bandlik darajasi 89,8% ni tashkil etdi. Yuqori kurs talabalarining 2025/2026 o‘quv yili uchun to‘lovlarini undirish darajasi 53,8% ga teng.
Fakultetda 102 nafar doktorantlar faoliyat yuritmoqda, shundan 44 nafari 1-kurs, 20 nafari 2-kurs, 38 nafari 3-kursdan iborat. Shuningdek, 2 nafar Navoi nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari fakultetning iqtidorli talabalariga misol bo‘lmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida fakultetda 821 nafar talabalar na’munaviy forma kiyadi, kutubxonaga a’zo bo‘lgan talabalar soni 384 nafarga yetgan, 6 ta fan to‘garaklariga 143 nafar talabalar jalb etilgan, shuningdek, “Bir hafta–bir kitob” loyihasida fakultetning 142 nafar talabasi ishtirok etgan.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha fakultetda aniq belgilangan rasmiy hamkor mavjud bo‘lmasa-da, professor-o‘qituvchilar Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Malyaziya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, fakultet rahbariyati va jamoasi oldida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Top-1000 universitetlar bilan qo‘shma dasturlar tashkil etish va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha bir qator dolzarb vazifalar mavjud.
Uchrashuv yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev fakultet jamoasiga ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yangi sport va san’at yo‘nalishlarini joriy etish, kafedralar sonini kengaytirish, talabalar qabul kvotalarini oshirish hamda talabalarning ta’lim sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.


