Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Jahon tillari fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fakultetning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, bitiruvchilarning bandlik holati, shuningdek, fakultet va kafedralarning 2025/2026 o‘quv yilidagi istiqbolli rejalari, hozirgi ehtiyojlardan kelib chiqib yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish hamda mavjud yo‘nalishlarning qabul kvotalarini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Jahon tillari fakultetida hozirda 3 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi — “Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili)”, “Filologiya va tillarni o‘qitish (nemis tili)”, “Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)” bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab esa ilk bor “Lingvistika (ingliz tili)” hamda “Adabiyotshunoslik (ingliz adabiyoti)” mutaxassisliklari bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari ochildi.
Fakultet tarkibida “Ingliz tili va adabiyoti” hamda “Amaliy xorijiy tillar” kafedralari faoliyat yuritadi. Bugungi kunda fakultetda 64 nafar professor-o‘qituvchi ishlamoqda, shundan 25 nafari ilmiy darajaga ega. Ilmiy salohiyat 42 foizni tashkil etadi.
Fakultetda jami 772 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan 83 nafari davlat granti, 689 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi. Talabalar kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olmoqda.
2025-yil davomida fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida 5 ta, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 125 ta ilmiy maqola chop etilgan, shuningdek, 250 ga yaqin xalqaro va respublika konferensiyalarida ilmiy ma’ruzalar taqdim etilgan.
Fakultet xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etib, AQSh, Fransiya, Germaniya kabi mamlakatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunga qadar 120 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgan. Shuningdek, 14 nafar professor-o‘qituvchi xalqaro grantlar doirasida xorijda malaka oshirib qaytgan.
Abdug‘affor Qirg‘izboyev fakultetda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, xalqaro miqyosda tan olinadigan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘quv yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, fakultetda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, talabalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, intizom va kiyinish madaniyatiga rioya etilishini kuchaytirish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi.


