YANGI DAVRNING BOSHLANISHI

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z maqolasida Markaziy Osiyoda kechayotgan o‘zgarishlarni mintaqa tarixidagi burilish sifatida baholab, shunday deydi: “Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda.”

Bu jarayon o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan tabiiy oqim emas, balki davlatlar rahbarlarining yaqin yillarda boshlab bergan siyosiy irodasi natijasidir:
“Bu – o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan jarayon emas.”

Prezident fikriga ko‘ra, mintaqada shakllangan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti kengayib borayotgani – Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining umumiy manfaatlari yo‘lida jipslashayotganidan dalolat.

Shuningdek, Maslahat uchrashuvlari formati mintaqaviy muloqotning asosiy maydoniga aylangani ta’kidlanadi: “Nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylandi.”

CHEGARALAR HAL ETILDI – XAVFSIZLIK MUSTAHKAMLANDI

Mintaqadagi eng yirik geosiyosiy yutuqlardan biri – chegaralar bilan bog‘liq masalalarning hal etilishi. Prezident ta’kidlaydi: “Mintaqa mamlakatlarining mustaqil rivojlanish tarixida ilk bor o‘zaro chegaralarning barchasi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi.”

Bu nafaqat huquqiy masala, balki uzoq yillar davomida mintaqada keskinlik manbai bo‘lib kelgan muammolarning tugatilganini anglatadi. Avvallari davlatlar o‘rtasida nizolarni kuchaytirgan hududlar bugun birdamlik va do‘stlik ko‘prigiga aylanmoqda.

Xususan, 2025-yil mart oyida imzolangan tarixiy hujjatlar haqida davlat rahbari shunday deydi: “Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.”

Shuningdek, Farg‘ona tinchlik forumi – mintaqa xalqlarining barqarorlikka bo‘lgan intilishining amaliy ko‘rinishidir. 

MINTAQA IQTISODIYOTINING KESKIN O‘SISHI

Prezident maqolasida Markaziy Osiyoning so‘nggi yillardagi iqtisodiy natijalari keng statistik asos bilan yoritilgan:

YAIM 8 yilda qariyb ikki yarim barobar oshdi – 520 mlrd dollarga yetdi.

Tashqi savdo – 253 mlrd dollarga, ikki barobar ko‘paydi.

O‘zaro savdo – 11 mlrd dollar, ya’ni 2 baravar oshgan.

O‘zaro investitsiyalar 5,6 barobarga ortgan.

O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan savdosi 2,4 mlrd dollardan 7,2 mlrd dollarga yetgan.

Qo‘shma korxonalar soni 1800 dan ortiq.

Davlat rahbarining bahosi: “Davlatlarning sa’y-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda.”

SUV VA ENERGETIKADA YANGI HAMKORLIK MODELI

Maqolada suv-energetika yo‘nalishidagi misli ko‘rilmagan siljishlar alohida ta’kidlanadi: “Suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.”

Bunga aniq misollar:

•Qambarota GES-1 bo‘yicha O‘zbekiston–Qozog‘iston–Qirg‘iziston hamkorligi

• Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GES loyihalari

• Bahri Tojik suv omboridan birgalikda foydalanish kelishuvlari

• Turkmaniston bilan Amudaryo suv resurslarini oqilona boshqarish bo‘yicha bitim

Bu hamkorliklar – mintaqaning kelajak energiya xavfsizligini mustahkamlab, iqtisodiy o‘sish barqarorligiga xizmat qilmoqda.

TRANSPORT VA SAVDO YO‘LAKLARI – GLOBAL INTEGRATSIYANING ASOSIY HALQASI

Markaziy Osiyoda transport-logistika tizimi kengaymoqda. Prezident shunday yozadi: “Yangi o‘tkazish punktlari ochilgani… o‘zaro bordi-keldilarni bir necha bor oshirdi.”

Transafg‘on temir yo‘li loyihasi esa mintaqani xalqaro bozorlarga yangi darajada ulashga qodir bo‘lgan strategik tashabbusdir. Hududlararo savdo zonalari, sanoat kooperatsiyasi markazlari va tranzit yo‘laklarining kengayishi mintaqani global iqtisodiy xaritaning muhim bo‘g‘iniga aylantirib bormoqda. 

MINTAQANING XALQARO NUFUZI OSHMOQDA

Maqolada ta’kidlanganidek: “Dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.”

Bugun Markaziy Osiyo AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya kabi yirik siyosiy kuchlar bilan “Markaziy Osiyo +” formatida muloqot olib bormoqda. Bu mintaqaning xalqaro siyosiy subyekt sifatida mustahkam pozitsiyaga ega bo‘layotganidan dalolat. 

DEMOGRAFIK O‘SISH VA INSON KAPITALI – YANGI RAQOBAT USTUNLIGI

Prezidentning demografiya haqidagi fikrlari mintaqa kelajagi uchun hal qiluvchi omil sifatida baholanadi: “Markaziy Osiyo aholisi 80 millionlik marradan o‘tib bo‘ldi, BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 100 milliondan oshadi.”

Shuningdek: “Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri bo‘lib, aholisining o‘rtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etmoqda.”

Ushbu ko‘rsatkichlar mintaqaning ulkan demografik afzalligi va inson kapitali salohiyatini ko‘rsatadi. Yoshlar salohiyati ta’lim, bandlik, raqamli ko‘nikmalar, sog‘liqni saqlash va innovatsion muhit bilan qo‘llab-quvvatlansa, mintaqani global raqobatbardosh hududga aylantira oladi.

Inson kapitali rivojlanmasa, demografik resurs ijtimoiy bosimga aylanishi mumkin. Rivojlansa – mintaqaning eng kuchli drayveriga aylanadi. 

EKOLOGIYA VA SUV – STRATEGIK MASALA

Prezident ekologik barqarorlikni Markaziy Osiyo kelajagi uchun muhim yo‘nalish sifatida qayd etadi: “Markaziy Osiyo barqaror ekologik rivojlanish mintaqasi… bo‘lishi kerak.”

Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, Orolbo‘yi inqirozi – hammaga umumiy muammo. Suv resurslarini boshqarishdagi hamkorlik mintaqaviy barqarorlikning ustuvor tarkibiy qismi sifatida qaralmoqda.

Prezidentning ushbu yo‘nalishda ilgari surgan g‘oyalari shuni ko‘rsatadiki, ekologiya endilikda iqtisodiy siyosatdan ajralgan alohida masala emas, balki Markaziy Osiyo taraqqiyotining uyg‘un va strategik tarkibiy qismidir. Ekologik hamkorlikning kuchayishi mintaqada nafaqat tabiiy resurslarni muhofaza qilishga, balki aholining hayot sifati va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

XULOSA: MARKAZIY OSIYO RIVOJLANISHINING STRATEGIK MANZARASI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi mintaqaning bugungi holati va kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi strategik hujjat sifatida alohida ahamiyatga ega. Undagi fikrlar Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda shakllangan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy jipslashuv, energetika va suv resurslarini birgalikda boshqarish, transport-logistika tizimini kengaytirish kabi jarayonlar tasodifiy emas, balki davlatlar yetakchilarining izchil siyosati natijasi ekanini ko‘rsatadi.

Eng e’tiborli nuqtalardan biri shundaki, Prezident maqolasida ilgari surilgan “Biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz” degan tamoyil bugungi Markaziy Osiyo integratsiyasining asosiy mazmunini ifodalaydi. Bu yondashuv mintaqa davlatlarining o‘zaro ishonch, manfaatlar mushtarakligi va hamkorlik ruhiga asoslangan yangi bosqichga kirganini ko‘rsatadi.

Shu ma’noda, Prezidentning mazkur maqolasi oddiy siyosiy bayonot emas, balki Markaziy Osiyo taraqqiyotining yaqin va uzoq istiqbolini belgilovchi konseptual dastur sifatida ahamiyat kasb etadi. Mintaqa oldida turgan murakkab geosiyosiy vaziyatlar, global xavf-xatarlar va iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida aynan mana shu strategik qarashlar barqarorlikni mustahkamlash, taraqqiyotni jadallashtirish va mintaqani yangi bosqichga olib chiqishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Muhriddin SODIRJONOV

Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti,

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image