Bugun, 13-mart kuni Namangan davlat universitetida “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari doirasida universitet hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Hasharda universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda volontyor yoshlar faol ishtirok etib, hududni yanada obod va ko‘rkam qilishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ular tomonidan universitet hovlisi, yashil maydonlar, gulzorlar hamda piyodalar yo‘laklarini tozalash, hududni tartibga keltirish, qurigan shox-shabbalarni yig‘ishtirish va atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Shuningdek, hasharda daraxtlar atrofi yumshatilib, gulzorlar parvarish qilindi, hududdagi tozalik va ozodalikka alohida e’tibor qaratildi. Bunday xayrli tadbirlar universitet hududining yanada chiroyli va fayzli bo‘lishiga xizmat qilish bilan birga, jamoada hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.