Joriy yilning 5-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilish tom maʼnoda ijtimoiy soha, xususan oliy taʼlim tizimida toʻplanib qolgan muammolar va ularning yechimini topishda, qolaversa tizimni yangi bosqichga olib chiqishda oʻziga xos muhim qadam boʻldi.
Yigʻilishda ayni paytda maktab bilan oliygohlar oʻrtasida uzviylik yetarli darajada emasligi tanqid qilinib, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq vazifalar belgilandi. Shu oʻrinda hududlarda umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirishda, oʻquv-uslubiy taʼminotni yaxshilashda albatta, oliy taʼlim muassasalarining oʻrni katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlash joiz.
Shu bilan birga soʻnggi yillarda oliy taʼlimda qamrov keskin oshgani, sohaga xususiy sektor kirib kelgani, lekin sifatga yetarli eʼtibor qaratilmayotgani ham roʻyi rost aytib oʻtildi. Masalan, talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagani, aksariyat oliygohlar ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmasligi, ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmasligi, bori ham bugungi talablarga javob bermasligi ham ayni haqiqat. Bu kamchiliklar bugungi kunda oliy taʼlim tizimida talabalarni sifatli taʼlim olishida, mustaqil ishlashida, kadrlarni kelgusida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida oʻz oʻrnilariga ega boʻlishlarida toʻsiq boʻlmoqda. Talaba avvalo, oliygohda yetarli darajada nazariy bilim olishi lozim. Bu esa bevosita darslik va adabiyatlar taʼminoti bilan bogʻliq. Lekin hozirgi kunda ayrim oliygohlarda bu resurslarning yetishmasligi nazariy bilimni ham toʻla olish imkoniyatini pasaytirib yubormoqda. Bundan tashqari ish beruvchilarning ehtiyojini inobatga olmaslik, zamon talabalariga mos boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash esa kelgusida bitiruvchilarni sifatiga katta salbiy taʼsirini oʻtkazmoqda. Yigʻilishda bakalavriatda oʻnlab yoʻnalishlar mehnat bozori talablariga javob bermasligi taʼkidlab oʻtildi. Bu esa har bir oliygohni qabul kvotalarini shakllantirishda ushbu masalaga jiddiy yondoshish lozimligini koʻrsatib bermoqda.
Shuningdek, oliygohlarda kredit-modul tizimiga oʻtilgani, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim mavjud emasligi ham oʻrinli tanqid qilindi. Bu masala ustida esa har bir rahbar bosh qotirishi lozimligini koʻrsatmoqda.
Yigʻilishda joriy yilda 122 ta yangi yirik loyihalar boshlanganligi, bu esa yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlarga ehtiyoj borligi aytildi. Biroq, oliygohlarda bunday mutaxassislarni tayyorlash 20 foizdan oshmasligi koʻrsatib oʻtildi. Bu esa kelgusida oliygohlarda aynan shu yoʻnalishdagi kadrlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish vazifasi turganligini anglatadi. Bundan tashqari 2024-yilda mamlakatimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit yaratish belgilandi.
Mazkur majlisda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga bakalavr yoʻnalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yoʻnalishlardagi taʼlim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash, 116 ta oliygohni oʻrganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash vazifalari topshirildi.
Yuqorida belgilangan vazifalarning ijrosi tizimni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega boʻlishi tabiiy. Namangan davlat universiteti jamoasi ham mazkur vazifalarni belgilangan muddatlarda, sifatli tarzda ijrosini taʼminlashga, malakali kadrlar tayyorlash va ularni jamiyatda oʻz oʻrnilariga ega boʻlishlarida astoydil mehnat qiladi deb ishontiramiz.