Assalomu alaykum, aziz ayollar, opa-singillarim, lobar qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘p ming sonli universitetimiz jamoasi xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi siz, azizlarga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehr-u muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.
Bu galgi ayollar bayrami muborak Ramazon oyida nishonlanayotgani ham qalblarimizni ajib va o‘zgacha sururga to‘ldirayotgani, shubhasiz!
Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir.
Bejizga ayollarimiz haqida shunday ulug‘ so‘zlar aytilmagan: ona bosh qo‘ygan yostiqqa farishtalar sajda qilar ekan, ona qadam qo‘ygan eshikka avliyolar yuzin surarkan, ona aytgan allasidan payg‘ambarlar ko‘ziga yosh kelarkan. Bu hikmatli iboralarda ona mehrining muqaddasligi va ulug‘ligi mujassamdir.
Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz.
Men mamnuniyat bilan Namangan davlat universiteti nufuzining tobora yuksalishida jamoamizda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning alohida o‘rni borligini e’tirof etib o‘tmoqchiman va barchangizning mehnatingiz, intilishingiz, fidokorligingizni yuksak qadrlashimni qalbim g‘ururga to‘lgan holda qayd etmoqchiman.
Muhtarama opa-singillarim, talaba qizlarim!
Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qo‘shayotganini albatta yuksak qadrlaymiz.
Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib o‘tishga ruxsat bergaysiz.
Hozirgi vaqtda universitetimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimiz 370 nafarni tashkil etmoqda.
Kuni kecha muhtaram yurtboshimizning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Quvonarlisi shundaki, farmonga ko‘ra universitetimizda uzoq yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan, ko‘plab shogirdlarni sevimli ustozi, o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Usmonova Xurinisa Sharapovna 2 darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab berishi, oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari hammamizga yaxshi ayon. Shu bois donishmandlar: “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz – butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, deb bejiz ta’kidlamaganlar.
Shuningdek, muborak hadislarda ham qiz farzand tarbiyasining naqadar yuksak savobli ekani bayon qilingan.
Jumladan: “Kimgaki Alloh taolo qiz farzandlar ato etsa va u ularni sabr bilan tarbiyalab, voyaga yetkazsa, o‘sha qizlar uni do‘zax olovidan parda bo‘ladi”, deb marhamat qilingan.
Yana bir hadisda esa: “Kimning uch qizi yoki ikki singlisi bo‘lib, u ularga mehribonlik qilsa va ular haqida Allohdan qo‘rqsa, o‘sha kishi Jannatga kiradi”, deb bashorat berilgan.
Qizlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egasi bo‘lib, jamiyatda hamda o‘z oilasida munosib o‘rin topishi uchun yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda universitetimizda 9 ming nafarga yaqin talaba-qiz tahsil olmoqda. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan 123 nafar talaba-qizimizning to‘lov-shartnoma mablag‘lari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda universitetimizda faoliyat olib borayotgan opa-singillarimiz orasida o‘nlab professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, yuzlab iste’dodli tadqiqotchilar bor. Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish – bu igna bilan quduq qazishga barobar.
Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman.
Hurmatli aziz ayollar, opa-singillarim, lobar qizlarim!
Bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda biz o‘z oldimizga ulkan vazifalarni qo‘ymoqdamiz. Ularni bajarish albatta oson bo‘lmaydi. Lekin, bu sharafli yo‘lda bizga cheksiz kuch va madad beradigan muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Sizlarga, butun universitetimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!