Assalomu alaykum, aziz hamkasblar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar!
Avvalo, Siz azizlarni, Siz orqali barcha oila a’zolaringizni hamda ko‘p ming sonli universitetimiz jamoasini muborak Ramazon hayiti hamda yaqinlashib kelayotgan Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalari mujassam bo‘lgan ezgu qadriyatlari hamda Navro‘z bayramining asrlar davomida sayqallangan milliy an’analari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan uyg‘un va hamohang ekani yana bir bor yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” va “Navro‘zni ulug‘lash – Insonni ulug‘lashdir!” bosh g‘oyasi asosida yangilanish, bag‘rikenglik va ezgulik bayrami sifatida jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘ylaymanki, keyingi yillarda yaxshi an’anaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulug‘lash, mehnatkash va oliyjanob jamoamizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.
Qadrli talaba o‘g‘il-qizlarim!
Barchangizga ma’lumki, islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va ma’rifat, ezgu fazilatlarni ulug‘lash ta’limotidir. Shuningdek, Navro‘z bayrami ham xalqimizning ezgu orzu-intilishlari, tabiatga ehtirom va yangilanish g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muqaddas qadriyatlarimizdan biridir.
Ana shunday yuksak insoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topayotgan, ona yurtga sadoqat tuyg‘usi bilan tahsil olayotgan talaba o‘g‘il-qizlarim xalqimizning bebaho boyligi, kelajagimizning ishonchli poydevori hisoblanadi.
Mana shu shukuhli ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan chin dildan samimiy qutlayman. Sizlarning ilm yo‘lida qilayotgan izlanishlaringiz, egallayotgan bilim va ko‘nikmalariingiz kelgusida Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildiraman.
Hurmatli jamoamiz a’zolari, aziz talabalar!
Ushbu muborak ayyomlar munosabati bilan universitetning asosiy shtatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha professor-o‘qituvchilari hamda xodimlariga 500 000 (besh yuz ming) so‘m miqdorida bayram pullari ajratildi.
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!
Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Abdug‘affor Qirg‘izboyev,
Namangan davlat universiteti rektori