Hurmatli mehmonlar!
Qadrli hamkasblar!
Aziz talabalar!
Avvalo, barchangizni xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va eng qadrli bayram — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Bu yilgi qutlug‘ ayyom “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu va hayotbaxsh shior ostida nishonlanmoqda. Bu shior zamirida juda katta ma’no mujassam. Chunki bizning eng katta boyligimiz — bu yagona Vatanimiz, xalqimizning birdamligi, tinchligi va osoyishtaligidir. Bizni buyuk maqsadlar sari yetaklayotgan eng katta kuch ham aynan hamjihatligimiz, o‘zaro ishonchimiz va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchimizdir. Bugun inson qadri, uning huquq va erkinliklari, farzandlarimizning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayonlarning eng muhim va eng katta natijalaridan biri — ta’lim tizimining tubdan yangilanayotganidir. Oliy ta’lim uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli mamlakatimizda oliy ta’lim bilan qamrov keskin oshdi. Bugungi kunda oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlarimiz soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani — Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasidir. Chunki bilimli qiz — bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir. Mana shunday keng imkoniyatlar, avvalo, mustaqillik tufayli yuzaga kelganini har birimiz chuqur his qilishimiz kerak.
Hurmatli hamkasblar! Bugun mamlakatimizdagi ana shu ulkan islohotlarning amaliy ifodasini o‘zimizning universitetimiz misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Namangan davlat universiteti ham mustaqillik yillarida mamlakatimizdagi ta’lim va ilm-fan taraqqiyoti bilan hamnafas ravishda yangi bosqichlarni bosib o‘tdi. Bugun universitetimizda 76 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 29 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 17 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Bu raqamlarning o‘ziyoq universitetimizning ta’lim salohiyati, imkoniyatlari va jamiyatdagi o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Universitetimizning qabul imkoniyatlari o‘tgan yilga nisbatan 23,4 foizga oshirildi. Bu, avvalo, universitetimizning nufuzi keskin oshib borayotganidan, yoshlarimizga oliy ta’lim olish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarning amaliy ifodasidir. Ammo biz uchun asosiy mezon — talabalar sonining ko‘payishi emas, ta’lim sifatining yuksalishidir. Biz son ortidan emas, sifat ortidan borishimiz kerak. Universitetimizning haqiqiy yutug‘i — har bir talabaning puxta bilim, mustaqil fikr va zamonaviy ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishida namoyon bo‘ladi. Shu maqsadda ta’lim sifatini xalqaro mezonlarga moslashtirish borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda universitetimizdagi 26 ta ta’lim yo‘nalishining 22 tasi maxsus akkreditatsiyadan o‘tdi, 6 ta ta’lim dasturimiz esa Germaniyaning ASIIN tashkiloti tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu natijalar bizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, xalqaro e’tirof — yakuniy maqsad emas, balki ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir.