Namangan davlat universitetida “Zamonaviy ilm-fan: atomistik modellashtirish, sun’iy intellekt va quyosh energetikasi uchun yangi avlod materiallari” mavzusida I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochib berdi. Rektor o‘z nutqida zamonaviy ilm-fan va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish hamda yosh tadqiqotchilar uchun keng ilmiy imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
Mazkur xalqaro ilmiy tadbir zamonaviy materialshunoslik, atomistik modellashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish, shuningdek, quyosh energetikasi uchun istiqbolli yangi avlod materiallarini yaratish va tadqiq etish masalalariga bag‘ishlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, tadqiqotchilar hamda yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonning qator ilmiy-ta’lim muassasalari bilan bir qatorda Belarusian State University, University of Malaya, Silesian University in Opole, Bahria University, University of Moulay Ismail, Université Mohammed V de Rabat va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Konferensiyada xalqaro miqyosda faoliyat olib borayotgan olimlar, jumladan Volker Eyert, Smagul Karazhanov, Michele Kotiuga, Senthilarasu Sundaram, shuningdek, akademik Sirojiddin Zaynobiddinovning ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya doirasida quyidagi ustuvor ilmiy yo‘nalishlar muhokama qilindi:
- atomistik modellashtirish va zamonaviy hisoblash usullarini materialshunoslikda qo‘llash;
- yangi avlod funksional materiallarini nazariy va eksperimental tadqiq etish;
- sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish texnologiyalaridan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish;
- quyosh energetikasi uchun yuqori samaradorlikka ega materiallarni ishlab chiqish;
- yarimo‘tkazgichlar va nanomateriallarning elektron, optik hamda energetik xususiyatlarini o‘rganish;
- zamonaviy kompyuter modellashtirish dasturlari yordamida materiallarning xususiyatlarini prognoz qilish;
- fundamental tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish.
Konferensiya davomida zamonaviy materialshunoslikni rivojlantirishda nazariy hisoblash, kompyuter modellashtirish, sun’iy intellekt va eksperimental tadqiqotlarni o‘zaro integratsiya qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Xorijiy olimlar bilan olib borilgan ilmiy muloqotlar yangi qo‘shma ilmiy loyihalarni shakllantirish, xalqaro grantlarda ishtirok etish, ilmiy maqolalar tayyorlash, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Namangan davlat universitetining xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr va takliflar almashildi.
Mazkur xalqaro konferensiya Namangan davlat universitetida zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda fundamental tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi muhim ilmiy platforma bo‘lib xizmat qildi.