“Innovatsion klub” a’zolari – talabalarning ixtirolari haqida bilasizmi?

Iqtidorlar – yurt kelajagi

Muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish – bugun yer yuzi aholisining yashash sharoitiga daxldor eng muhim masalalardan biri. Bu borada dunyo bo‘ylab izlanishlar olib borilmoqda. Quvonarlisi, bu jarayonda Namangan davlat universitetining “Innovatsion klub”i a’zolari ham faol.

Klub a’zosi, fizika fakulteti uchinchi bosqich talabasi Xurshida Normirzayeva “Kungaboqar” quyosh panelini yaratdi. Bu qurilma shunday atalishining sababi bor. Quyosh panellari odatda foydalanilayotgan obyektlar, ya’ni imoratlarning tom qismiga o‘rnatiladi. Albatta, bunda panelga kunduz kunlari quyosh nurlarining ko‘proq tushishi e’tiborga olinadi. Biroq yorug‘lik manbasidan bundan ham samaraliroq foydalanish mumkin ekan. 

Xurshida buni amalda isbotladi. U yaratgan “Kungaboqar” quyosh paneli xuddi kungaboqar o‘simligidek yorug‘likka sezuvchanligi va to quyosh chiqqanidan botguniga qadar u tomon “o‘girilib olishi” tufayli odatiy tizimda ishlaydigan qurilmaga nisbatan 47 foiz ko‘proq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. 

– Odatdagi quyosh panellarining yuqori samaradorlikda ishlash vaqti 6 soat bo‘lib, bu vaqt mobaynida 18 kVt elektr energiya olish imkonini beradi. “Kungaboqar” quyosh panellarining yuqori samaradorlikda ishlash vaqti esa 10 soatni tashkil qiladi, – deydi ixtirochi Xurshida Normirzayeva. – Bu vaqt ichida 26,5 kVt elektr energiyani olish mumkin. Ya’ni bu qurilmaning foydali ish koeffitsenti 8,5 kVt, foizda hisoblaganimizda, 47 foizga teng. Uning yana bir afzalligi uning yorug‘lik sezuvchanligi. Shu sabab 180 darajada aylana oladi. 

Darvoqe, Xurshida yaratgan qurilmaning yana bir afzallik jihati quyosh panellarining himoya tizimidir. Sababi, quyosh panellari doimiy bir joyda turishi natijasida uning yuqori qismini chang va qor qoplaydi. Bu esa uning samaradorligi va sifat ko‘rsatkichlarini pasaytiradi. “Kungaboqar” tizimi asosida yaratilgan quyosh panellari quyosh botganda avtomatik ravishda yig‘iladi va boshlang‘ich holatga qaytadi. Quyosh chiqishi bilan esa yana asliga qaytadi. Kuchli yomg‘ir va qor yoqqanida energiya olish imkoni juda past bo‘lsa, quyosh panellari himoya tizimini ishga tushirib, yig‘iladi. Agar u ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, energetika sohasida katta imkoniyatlarni taqdim etishi, shubhasiz.

Darhaqiqat, universitetning “Innovatsion klub”ida chin ma’noda yaratuvchilikka ishtiyoqmand bilimli talabalar jamlangan. Ulardan biri fizika yo‘nalishi ikkinchi bosqich talabasi Xumora Hakimova. U uzoq muddatli izlanishlardan so‘ng smart sug‘orish tizimini yaratdi. Xo‘sh, uning afzalligi va loyihaning ustuvorlik jihatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?

– Uning ustuvorlik jihati, foydalanuvchi ixtiyoriy xonaki gulning xususiyatlaridan kelib chiqib, dasturiy ta’minot orqali uni istalgan vaqtda sug‘orishi mumkin, – deydi Xumora Hakimova. – Masalan, qora arxideya guli uchun 70 foiz namlik kerak, geranga (dastorgul) esa 50 foiz namlik kifoya. Foydalanuvchi mana shu xususiyatlardan kelib chiqib, namlik miqdori pastlab ketgan hollarda dasturiy ta’minot orqali gullarga yetarli miqdorda suv quyilishiga erisha oladi.

Smart sug‘orish tizimi xonaki gullarni yetishtirishda bir qator qulayliklarni taqdim eta oladi. Ya’ni xonadon yoki ofis egalari safarda bo‘lgan paytlarda gullarni parvarishlash vazifasini kimgadir topshirish shart emas. Balki dasturiy ta’minotdan foydalanib, vaqti-vaqti bilan ularni sug‘orib turish mumkin. Bizning fikrimizcha, agar bu tizim yanada takomillashtirilsa, issiqxona egalari uchun ham qo‘l kelishi tabiiy.\

Shu o‘rinda “Innovatsion klub”ning yana bir a’zosi fizika yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Nilufar Mo‘ydinovaning izlanishlari ham e’tiborli. U yaratgan qurilma vositasida elektromobillarni masofaviy tarzda quvvatlash mumkin.

Odatda, elektromobillar simli zaryadlash moslamasidan foydalanilgan holda quvvatlanadi. Nilufar yaratgan tizimda esa elektromobillar quvvatlash maydoniga kirishi bilan masofaviy holatda muqobil energiya vositasida quvvat ola boshlaydi. Unga hech qanday elektr simini ulash shart emas. Bu innovatsion yangilikning qulayligi shundaki, uni barcha elektromobillarga moslash mumkin.

– Bular “Innovatsion klub” a’zolarining ayrim ixtirolari va ular erishayotgan natijalar. So‘nggi vaqtda klub rahbari Ulug‘bek Turdaliyev va ko‘plab talabalar e’tiborga molik muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishdi, – deydi Namangan davlat universiteti “Press klub” rahbari Sanjarbek Hamidov. – Yosh, iqtidorli talabamiz “Bo‘lajak olim-2023” tanlovida o‘zining “Eco Robot B1” loyihasi bilan ilmiy g‘oya yo‘nalishida g‘olib chiqqan bo‘lsa, Dilfuza Abdusattorova “Texnoways” texnologik rivojlanish marafonining universitet bosqichida birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. 

Talaba-yoshlarning texnologik bilimlarini oshirish va ilmiy-metodik, innovatsion loyiha ishlarini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan “Innovatsion klub”ning yutuqlari tobora ko‘payib bormoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image