Professor Bahodir Kamalov 83 yoshida vafot etdi

Namangan davlat universiteti professori, butun umrini yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan taraqqiyoti va yurtimiz ijtimoiy hayotini yuksaltirishga bag‘ishlagan taniqli olim, geografiya fanlari doktori Kamalov Bahodir Asomovich 83 yoshida vafot etdi.


photo_2025-08-16_15-00-27.jpg

Namangan davlat universiteti professori, geografiya fanlari doktori B.A. Kamalov 1942-yil 9-martda Namangan viloyati Namangan tumani (hozirda shahar) G‘irvon qishlog‘ida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1958-yilda o‘rta maktabni kumush medal bilan bitirib, shu yili Samarqand davlat universitetining Geografiya fakultetiga o‘qishga kirgan. U SamDU talabalar ilmiy jamiyati ishida faol qatnashib, 2-kursda o‘qiyotgan davrida “Zarafshon havzasi daryolari oqimining tebranishlari” mavzusida o‘zining birinchi ilmiy ishini yozadi. Bu ish Moskva davlat universitetida 1961-yilda o‘tkazilgan Butun Ittifoq mamlakatlari universitetlari talaba va aspirantlarining ilmiy ishlari konkursi natijalari bo‘yicha 3-darajali diplomga sazovor bo‘ladi. Talabalik yillarida har xil nashrlarda, shu jumladan, “Вестник МГУ”, “Известия Всесоюзного географического общества” jurnallarida Zarafshon havzasi gidrometeorologiyasi bo‘yicha bir necha ilmiy maqolalar chop ettiradi. SamDU talabalar ilmiy jamiyatiga 2 yil raislik qiladi.

Samarqand davlat universitetini 1963-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgach, shu yili ish faoliyatini O‘zbekiston gidrometeorologiya boshqarmasining 4-gidrografik otryadida katta injener lavozimida ish boshlashi bilanoq, “Yer usti suv resurslari, t.14, 1-bo‘lim, Sirdaryo havzasi“ (rus tilida) nomli katta ma’lumotnoma asarni yaratishga jalb qilindi. Shu asarning “Muzliklar va qor to‘plamlari” bobini yozish unga topshirildi va u O‘rta Osiyoning ko‘pgina muzliklariga, shu jumladan, Pomirdagi Fedchenko muzligiga, Piskom, So‘x, Zarafshon va boshqa daryolarning muzliklariga bo‘lgan ekspedisiyalarda qatnashdi. Natijada, o‘ziga topshirilgan ishni yakka mualliflikda muvaffaqiyatli bajaradi. Kitob 1969-yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida nashrdan chiqariladi.

Bu orada, 1964-yilning 26-aprelida Zarafshon vodiysidagi Ayniy qishlog‘i yonida tog‘ o‘pirilib tushishi natijasida daryoning to‘la to‘silib qolishi oqibatlarini bartaraf etishda faol qatnashganligi uchun O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi.

Keyingi yillarda B.A. Kamalov Sirdaryo havzasining yer usti suv resurslari, muzliklar va qor to‘plamlari rejimi masalalari bilan shug‘ullanishni davom ettirib, natijalarini "Sirdaryo havzasining muzliklari va ulardan oqib tushgan suvlar" (rus tilida) nomli monografiyasida (“Гидрометеоиздат” nashriyoti, 1974) jamlaydi va uni nomzodlik dissertatsiyasi sifatida Rossiyaning Gidrometeorologik markazida muvaffaqiyatli yoqlaydi. Unda Sirdaryo havzasi muzliklari bo‘yicha ma’lumotlar bilan bir qatorda, tog‘ daryolarining muzliklardan to‘yinishini va muzliklar maydonining balandliklar bo‘yicha taqsimotini baholash, muzlik yuzasining erishidagi notekisliklar, muzliklarning o‘rtacha oriyentatsiyasini aniqlash, muzliklardan to‘yinuvchi tog‘ daryolari oqimini hisoblash, muzliklarning daryolar oqimining tartibiga ta’sirini baholash usullari taklif etilgan.

1968-yilda B.A. Kamalov O‘zbekiston do‘lga qarshi otryadiga boshliq etib tayinlanadi va bundan keyingi faoliyati O‘zbekistonda gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir etish ishlarini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Uning rahbarligida va faol ishtirokida O‘zbekistonda 740 ming gektar maydondagi ekinlarni o‘z himoyasiga olgan 7 ta do‘lga qarshi kurash xizmatlari, Qashqadaryo viloyatida yog‘inlarni ko‘paytirish bo‘yicha tajriba-ishlab chiqarish ishlari, Chimyon dam olish maskanida qor ko‘chkilarini sun’iy tushirish xizmati tashkil etiladi. Bu tashkilotlarning hozirgi zamon texnikasi (radiolokatsion stansiyalar, radioloqa va raketa-artilleriya vositalari) bilan jihozlangan bazalari Namangan viloyatining Chust, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on; Samarqand viloyatining Samarqand; Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz; Surxondaryo viloyatining Uzun tumanlarida quriladi. Natijada, respublikada gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir etish bo‘yicha yirik ilmiy-ishlab chiqarish tashkiloti yuzaga keladi va bu ishga B.A. Kamalov 30 yil davomida uzluksiz rahbarlik qiladi. 2006-yildan boshlab bu tashkilot Mudofaa vazirligi tarkibiga o‘tganidan so‘ng, olim faoliyatini oliy ta’limda davom ettirishga kirishadi.

B.A. Kamalov ishlab chiqarish va ma’muriy ishlarni ilmiy tadqiqot bilan birgalikda, gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir etish natijalarini tahlil qilib va umumlashtirib olib boradi. Bu boradagi o‘zining tadqiqotlarida asosiy e’tiborni faol ta’sir natijalarini fizik va iqtisodiy baholash hamda bulutlarga reagent sepishning yog‘ingarchilikka ta’sirini aniqlash masalalariga, shuningdek, do‘l jarayonini susaytirish konsepsiyalarining muhokamasiga bag‘ishlaydi. Ular asosida “O‘zbekistonda gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir etish. Ilmiy-uslubiy asoslari. Takomillashtirish” (rus tilida) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini tayyorlaydi va 2007-yilda muvaffaqiyatli himoya qiladi.

Unda 2 ta yangi konsepsiya taklif etiladi va asoslanadi. Birinchisida, bulutlarga reagent sepib ta’sir etishning yangi mexanizmi taklif etilib, u sepilgan reagent zarrachalari yangi do‘l o‘zaklari hosil qilmasligi, balki mavjud do‘l o‘zaklarining koagulyatsion o‘sishini kuchaytirishiga asoslanadi va do‘l donachalarining mikrofizik tadqiqoti natijalari bilan isbotlanadi. Ikkinchi konsepsiya cho‘llanish mexanizmiga bag‘ishlanadi. Ma’lumki, cho‘llarning kengayishi va kuchayishi ularda albedoning kattaligi va buning natijasida havoning yuqoridan pastga harakatining kuchayishi bilan bog‘liq. B.A. Kamalov bunga qo‘shimcha qilib, cho‘llanishning cho‘llarda changning, ya’ni kondensatsiya o‘zaklarining o‘ta ko‘pligi natijasida yog‘in hosil bo‘lishining qiyinlashishi orqali rivojlanishi ham mumkinligini hisobga olib, bu yerda yog‘inlarni ko‘paytirish bulutlarga reagent sepib emas, balki changishga qarshi usullar, masalan, fitomelioratsiyani rivojlantirish yordamida amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi.

Buni hisobga olgan holda, keyingi yillarda B.A. Kamalov rahbarligida arid hududlarda ekinlardan sug‘ormasdan hosil olish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha tajriba ishlari olib boriladi. 2011–2016-yillarda o‘tkazilgan tajribalar o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 200 mm dan kam bo‘lgan hududlarda ijobiy va ishonarli natijalar beradi. Sug‘ormasdan bog‘ tashkil etish bo‘yicha tajribalarning natijalari ham ijobiy bo‘ladi.         

Shuningdek, olim ekologiya, Orol dengizi muammosi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy va ijtimoiy holatiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalarni e’lon qilgan. Ushbu maqolalarda paxta yakkahokimligi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham zararli ekani asoslab ko‘rsatilgan. Orol muammosini hal etish hamda respublikamiz qishloq xo‘jaligini iqlim isishiga moslashtirish uchun sug‘orma dehqonchilikni kam suv talab qiladigan ekinlarga o‘tkazish, bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish zarurligi B.A. Kamalov tomonidan 2010-yilda O‘zbekiston iqtisodchilarining forumida alohida ta’kidlangan.

Hozirgacha u 300 dan ortiq ilmiy ish, jumladan 8 ta monografiya, bir necha risola chop ettirgan, shuningdek, 2 ta yirik monografik asarning hammuallifi hisoblanadi. Qolaversa, uning ilmiy ishlari SCOPUS, Web of Science va boshqa bir qator nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan. Asarlarining aksariyati rus va ingliz tillarida xorijda nashr etilgan. B.A. Kamalov bulutlar va yog‘inlar fizikasi hamda ob-havoni modifikatsiya qilish sohasiga oid xalqaro konferensiyalarning doimiy ishtirokchisidir. Uning “O‘rta Osiyoda ob-havo modifikatsiyasi” nomli monografiyasi 2014-yilda Germaniyada nashr etilib, xalqaro miqyosda katta e’tirofga sazovor bo‘lgan.

B.A. Kamalov 2002-yildan boshlab o‘rindoshlik tarzida, 2006-yildan esa to‘liq ravishda Namangan davlat universitetida o‘qituvchilikka o‘tib, “Umumiy Yer bilimi”, “Ekologiya asoslari”, “Geoekologiya” va boshqa fanlardan dars berib kelmoqda. Uning rahbarligida 6 ta nomzodlik va PhD, 10 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari, ko‘plab bitiruv malakaviy ishlari himoya qilingan.

B.A. Kamalovning unumli faoliyati hukumat mukofotlari – O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining faxriy yorlig‘i, “Mehnat Qizil bayrog‘i” va “Hurmat belgisi” ordenlari, medallar hamda xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi medallari bilan taqdirlangan. Qolaversa, olim “Gidrometxizmat a’lochisi” va “O‘zbekiston gidrometeorologiyasi a’lochisi” nishonlari egasi hamdir. U 2011-yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlangan. Hozirda Namangan davlat universiteti professori sifatida talabalarga bilim berib kelmoqda edi.


Namangan davlat universiteti jamoasi marhumning yaqinlari, doʻstlari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image