O‘zbek tili bayrami arafasidagi o‘ylarim

Ona tilimiz haqida o‘ylasam,  qulog‘imga qadim O‘rxun-Enasoy daryolari qirg‘oqlarida ot solgan, erk va adolat  yo‘lida kurashgan ajdodlarimizning hayqiriqlari eshitilganday bo‘ladi. Toshlarga muhrlangan so‘zlar jarangi olis o‘tmishga yetaklaydi. Qadimgi yozma manbalarni o‘qib,      xalqimizning bundan bir yarim ming yil muqaddam taraqqiy etgan yozuv madaniyatiga ega bo‘lganidan faxr tuyaman.

Ona tilimiz haqida o‘ylasam, Yusuf  Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari va undagi quyidagi baytlar xayolimga keladi:

Bilib so‘zlagan so‘z bilikka sanur,

Biliksiz so‘zi o‘z bashini yeyur…

Bizda so‘zni o‘rinli aytish, fikrni o‘ylab gapirish, til masalasi ana shunday adab masalasi bilan egiz holda qaralgan azaldan. Yuqoridagi satrlarga Abdulla Qodiriyning “So‘z so‘zlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak” jumlalari ham ohangdosh.

Ona tilimiz haqida o‘ylasam,  Atoyining “Ul sanamkim suv yaqosinda paritek o‘lturur, g‘oyati nozukligidin suv bila yutsa bo‘lur” satrlari yodimga tushadi. Ona tilimizda ham baytda tasvirlangan go‘zalning nozikligi, latifligi bor. Unda har qanday fikrni go‘zal, yoqimli, ta’sirli libosda ifodalash imkoniyati bisyor.

Professor Miraziz Mirtojiyevning “O‘zbek tilida polisemiya” asarida ko‘p ma’noli so‘zlar til lug‘at tarkibidagi muhim birliklari ekanligi aytilib, bunday so‘zlarning tilda ko‘p bo‘lishi xalq tafakkurining naqadar kuchli rivojlanganini ko‘rsatuvchi omillardan biri sifatida baholanadi. Darhaqiqat, ko‘p ma’noli so‘zlar obrazli tafakkur, bog‘lanishli (assotsiatsiyali) fikrlash mahsuli sanaladi. Bizning ona tilimiz o‘zbek tilida esa ko‘p ma’noli so‘zlar minglab topiladi. Jumladan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da oddiygina bosh so‘zining  20 ta ma’nosi 8 sahifa hajmida izohlangan. Bu yigirma ma’noning har biri yana bir qator ma’no qirralarini aks ettiradi. Bosh so‘zi ishtirok etgan 40 dan ortiq  iboralar ham tilimizda bir tizimni tashkil etadi, deyishimiz mumkin: bosh ko‘tarmoq, boshiga ko‘tarmoq, bosh qo‘shmoq, bosh qotirmoq, boshini ikki qilmoq, boshini bog‘lamoq, boshini qovushtirmoq, bir yostiqqa bosh qo‘ymoq,  boshini egmoq, boshini yemoq ,boshiga yetmoq, katta boshini kichik qilib, boshi qorong‘i, bosh qashimoq, oyog‘iga bosh urmoq, bosh suqmoq, bosh og‘rig‘i, bosh bo‘lmoq, bosh olib ketmoq, bosh tortmoq, bosh chayqamoq, boshi ochiq, boshini tikmoq, boshini xam qilmoq, boshini silamoq, bosh ko‘tarib yurmoq, boshini aylantirmoq, boshi ko‘kka yetmoq, boshida kaltak sinmoq, boshida yong‘oq chaqmoq, boshga bitgan balo, bir yoqadan bosh chiqarmoq, boshi berk ko‘chaga kirib qolmoq, boshi-keti yo‘q, boshiga kelmoq, boshiga tushmoq, boshi devorga urilmoq, boshiga chiqmoq Bu ro‘yxatni yana davom ettirishimiz mumkin.  “Cambridge” izohli lug‘atida ingliz tilida bosh so‘zi bilan bog‘liq 21 ta ibora mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ona tilimiz haqida o‘ylagan har bir o‘zbekning xayoliga, albatta, Nizomiddin Mir  Alisher Navoiy ijodi keladi. Alisher Navoiy ijodining ulug‘vorligini,  ummonday sarhadsiz va chuqurligini butun dunyo e’tirof etadi. Ona tilimiz ham ana shunday ummon. Biz uning chuqurligini, kengligini, mavjlanishini tasavvurimizga sig‘dira olmaymiz. Noshudligimiz bois chet so‘zlarning muqobilini topolmaymiz, topishni istamaymiz, o‘zimizni o‘qimishli, ziyoli, zamonaviy ko‘rsatmoq istab, ovro‘pacha so‘zlarni ilmda ham, ko‘cha-ko‘yda ham ko‘proq, unumliroq qo‘llashni istaymiz. Do‘konlarga, oshxonalarga, qahvaxonalarga, korxonalarga inglizcha, nemischa nomlarni qo‘yamiz: “Elegant”, “Super gold”, “Burger”, “Makro”, “Super market”, “Tort lend”, “Mutlu” … Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Xuddi biror ingliz qahvaxonamizga kirib nomiga tushunmay qoladiganday. Ayniqsa, bu yil “citi”, “call markaz”, “mikro”, “makro”, “bloger”, “haus”, “market”, “super”, “skver” kabi so‘zlar juda urf  bo‘ldi. Bularning o‘rniga shahar, murojaat markazi, kichik, katta, muxbir, uy, eng zo‘r, xiyobon so‘zlarini qo‘llasak, zamonaviyligimiz kamayib qoladimi? Shuncha yil asoratda bo‘lgan tilimizni yana asoratga solmoq istaymizmi? Hali rus tili iskanjasidan to‘liq qutulmagan tilimizni ingliz tili chovutiga solishni o‘zimiz xohlayapmiz shekilli?

Chet tilni yaxshi bilmaganimiz kamchilikday tuyuladi. Lekin ona tilimizda bir varaq matnni xatosiz yoza olmasligimiz bizni o‘ylantirmaydi. Farzandlarimizning chet tilni o‘rganishiga alohida ahamiyat qaratamiz, lekin uning ona tilidagi nutq madaniyatiga, yozma savodxonligiga ahamiyat bermaymiz. Axir yozma savodxonlik shaxsning saviyasini belgilaydigan omillardan biri emasmi? Bularning barchasiga ona tilimizga bo‘lgan munosabatimiz sababchi. Ona tilimizga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak!

Hamma narsada me’yor muhim. Dorini belgilangan me’yorda iste’mol qilsangiz, davo bo‘ladi. Ortiqchasi asoratlar keltirib chiqaradi. Bugungi kunda milliy liboslarimizni Yevropa liboslariga almashtirib bo‘ldik. Farzandlarimizda milliy musiqani his qilish va undan zavqlanish tuyg‘usi yiroqlashib, musiqiy did o‘tmaslashib bo‘ldi. Qo‘shiqlarning matni masalasi alohida bir muammo. Kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lish, o‘zbekning qon-qoniga singgan halollik va soddalik, andisha, oriyat, insof tushunchalari erish tuyulmoqda bugungi ayrim zamonaviy insonlar uchun.  Ildizlarimizdan tobora uzoqlashib borayotgandekmiz. G‘arbdan ilg‘or jihatlarni olish, lekin milliyligimizga, yaxshi fazilatlarimizga putur yetkazadigan xususiyatlarni o‘zlashtirmaslik kerakligini har bir uyg‘oq fikrli inson bugungi kunda yaxshi anglab turibdi. Ayniqsa, milliyligimiz ifodasi bo‘lgan tilimizga soya solmaylik!  

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, til borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish dolzarb masala ekanligi  Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmonida to‘laqonli aks etgan. Farmonda “mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va to‘g‘ri foydalanishga erishish; ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish; davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish”; davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni muntazam va har tomonlama o‘rganish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish”  kabi qator vazifalar aniq belgilab berilgan. Demak, tilimizga bo‘lgan e’tibor, o‘zbek   tilining turli sathlari tahliliga oid ilmiy izlanishlarning sifat va samaradorligini oshirish hukumatimiz tomonidan kun tartibiga qo‘yilmoqda. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining qayta nashr etilishi bu boradagi eng ahamiyatli amaliy ishlardan bo‘ldi. O‘zbek tili imlosi, etimologiyasi, iboralari, maqol va matallari,   fan-texnika, axborot texnologiyalari, diplomatiya va shu kabi o‘nlab sohalarga  oid atamalarning mukammal  lug‘atlarini yaratish, minglab nusxalarda chop etish va aholi orasida targ‘ib qilish davr talabiga aylanib bo‘lgan.

O‘zbek tili bayrami arafasida  asrlar osha sayqallanib, zug‘um va sitamlarni yengib o‘tgan, qadimiy va navqiron, teran va biyron, kenglikda ummon-u dengiz,  jahondagi barcha tillar ichida men uchun tengsiz ona tilimga qarab:  –  Mangu omon bo‘l, ona tilim! Ming yillar osha xalqimiz ongu shuuriga, ruhiyati, tarixiga ko‘zgu, hislariga tarjimon bo‘lib xizmat qilaver! – deb hayqirgim keladi.

Obidxon Husanxo‘jayev,

Namangan davlat universiteti filologiya fakulteti dekani

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image