Avval xabar berganimizdek, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi universitetimiz delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
Bugun universitet delegatsiyasi Szilin shahrida joylashgan An’anaviy Xitoy tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Mazkur oliygoh 1952-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning eng yetuk tibbiyot ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Universitetda an’anaviy tibbiyot, farmatsiya, hamshiralik ishi, sog‘lomlashtirish texnologiyalari va klinik amaliyot yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, mazkur universitet ilmiy izlanishlar, tibbiy innovatsiyalar va zamonaviy davolash metodlarini qo‘llash bo‘yicha keng tajribaga ega.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga universitet faoliyati, o‘quv jarayoni, laboratoriyalar salohiyati hamda ilmiy markazlar imkoniyatlari namoyish etildi. Shundan so‘ng, Szilin An’anaviy Xitoy tibbiyot universiteti prezidenti va mas’ul vakillari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, universitetga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar yakunida Namangan davlat universiteti hamda Szilin An’anaviy Xitoy tibbiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.
Delegatsiyamizning Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy tashrifi davom etmoqda.