Xalqaro hamkorlik sari muhim qadam: NamDU — Taizhou universiteti

Avval xabar berganimizdek, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan rasmiy tashrif doirasida bugun Taizhou universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dolzarb tashabbuslarni o‘zida mujassamlashtiradi.

Tashrif davomida Taizhou universiteti rahbariyati delegatsiyamiz a’zolarini yuqori darajadagi tayyorgarlik ko‘rgan holda iliq kutib oldi. Samimiy ruhda tashkil etilgan tanishtiruv jarayonida universitet tarixi, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy maktablari, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Taizhou universiteti Zhejiang provinsiyasining Taizhou shahrida joylashgan bo‘lib, 1907-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur oliy ta’lim muassasasida 16 ta fakultet faoliyat olib bormoqda, talabalar soni esa 20 mingdan ortiqni tashkil etadi. Universitetning umumiy maydoni 1,14 million kvadrat metrni qamrab olgan bo‘lib, 3 ta kampus, 2 ta yirik zamonaviy kutubxona ega. Mazkur oliy ta’lim maskanida dunyoning eng yaxshi 2 foiz olimlari ro‘yxatiga kiritilgan 22 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda.

Universitetning ekologiya, kimyo hamda materialshunoslik yo‘nalishlari xalqaro reytinglar bo‘yicha dunyoning eng yaxshi TOP-500 yo‘nalishlari qatoridan joy olgan bo‘lib, mazkur sohalarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yuqori samaradorlikka ega.

Shuningdek, fan yo‘nalishlari bo‘yicha dunyo miqyosida ilmiy reytingni belgilovchi Essential Science Indicators (ESI) reytingida universitetning muhandislik, botanika va zoologiya, kimyo, materialshunoslik, atrof-muhit va ekologiya, klinika tibbiyoti yo‘nalishlari TOP-1% ro‘yxatiga kiritilgan.

Tashrif doirasida Taizhou universiteti prezidenti Yue Chuanyong va universitet prorektorlari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. 
 
Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, xorijiy ilmiy fondlar hamda Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan grant yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim jarayoniga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
 
Muzokaralar yakunida Namangan davlat universiteti hamda Taizhou universiteti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilishi va akademik integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
 
Delegatsiyamizning Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image