Avval xabar berganimizdek, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan rasmiy tashrif doirasida bugun Szilin qishloq xo‘jaligi universitetiga tashrif buyurdi.
Szilin qishloq xo‘jaligi universiteti Xitoyning yetakchi agrotexnologik oliygohlaridan biri bo‘lib, mamlakatning agrar tizimini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsion tadqiqotlar olib borish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida katta tajribaga ega.
Universitetda qishloq xo‘jaligi, agroinjeneriya, chorvachilik, o‘simliklar biotexnologiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar keng ko‘lamda olib boriladi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari universitetning bo‘limlari, ilmiy laboratoriyalari, agrobiologik tajriba maydonlari va innovatsion markazlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Szilin qishloq xo‘jaligi universiteti rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, agronomiya, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va o‘simliklar biotexnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy va Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalarda birgalikda ishtirok etish hamda agrar sohada xorijiy investitsiyalarni universitetga jalb qilish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida Namangan davlat universiteti va Szilin qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli rejalar va kelajakdagi qo‘shma loyihalar belgilab olindi.
Delegatsiyamizning Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy tashrifi davom etmoqda.


