Korrupsiya. Bu so‘z bugun bog‘cha bolasiga ham yaxshi tanish. Dunyo miqyosida quloch yoyib, har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazayotgan, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kelayotgan bu illat afsuski, bizga ham begona emas.
Oilada biz hamon yanglish yo‘ldamiz. Chunki maktabda o‘qiydigan farzandimizga, darslardan besh olsang, senga aytgan o‘yinchog‘ingni olib beraman, qabilida muomala qilamiz. Farzandimiz manfaat evaziga o‘qiydi. Ertaga u ulg‘aysa, biron ishni manfaat topmaguncha bajarmaydi. Oqibatda biz bo‘lajak korrupsionerni tarbiyalayotgan bo‘lamiz. Xo‘sh, biz nega farzandimizga o‘z kelajaging uchun yaxshi o‘qi, bilim ol, demaymiz?..
Bu – hayotning oddiygina manzarasi. Bolalarga ular yoshligidan korrupsiyaning og‘ir jinoyat ekanini anglatmas ekanmiz, bugungi sa’y-harakatlarimizda samara bo‘lishi mushkul.
To‘g‘ri, bugun korrupsiyaga qarshi kurash respublikamizda dolzarb muammoga aylngan. Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinyapti va ijrosi yuzasidan muayyan natijalarga erishilmoqda ham.
Ammo korrupsiya jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib, chirmashib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Nozik”, “chigalroq” ushbu masalada davlatning huquq-tartibot idoralari yanada hushyor, ziyrak bo‘lishi, shuningdek, nodavlat tashkilotlari, turli komissiyalar, jurnalistlar, mustaqil sudlar tizimi faolroq ishlashi kerak. Siyosatchilar, sosiologlar, psixologlar, tarixchilar, davlat hamda jamoat organlari, siyosiy partiyalar, eng muhimi, amaliyotchilar masalani tahlil etish va yechimini topish ustida bosh qotirishi lozim.
Korrupsiya – o‘zbekona talqinda aslida ta’magirlik demak. Muammosiga yechim izlash barobarida chora topolmay turgan inson va yoxud shaxsiy manfaati yo‘lida nimagadir noqonuniy va tezroq erishmoqchi bo‘lgan shaxs o‘zga bir kishiga, ya’ni mansabdorga pora taklif qiladi. Agar mansabdor yoxud pora taklif qilinayotgan shaxs buning jinoyat ekanini anglab, qonun oldidagi javobgarlikdan qo‘rqsa, boshqacha aytganda, qonunlarni va o‘zini hurmat qilsa, bunday qora qilmishga aslo qo‘l urmaydi.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.
Ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi.
Uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, korrupsiya katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash tizimini barpo etishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, unga tanqidiy yondoshgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvesiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.
Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.
Shu o‘rinda Singapur davlatida korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘llanilgan usullar haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak.
Singapur davlati 1965 yil mustaqillikka erishgach, korrupsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida turar edi. Lekin bu illatga qarshi o‘tkazilgan bir qator tadbirlar bu davlatda korrupsiyaning minimal darajaga tushishiga olib keldi. Birinchi navbatda, bu yerda byurokratik jarayonlar yengillashtirilib, sud tizimining mustaqilligi oshirildi (sudyalarning daromadlari va imtiyozlarini oshirish evaziga).
Shu bilan birga korrupsiya jinoyatlari uchun sanksiyalar og‘irlashtirilib, fuqarolarga korrupsiyaga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda hamkorlik qilishda bosh tortganligi uchun juda katta moliyaviy sanksiyalar belgilandi. Bir qator davlat idoralarida ommaviy “tozalashlar” o‘tkazilib, bu jarayonlar telekanallar orqali butun mamlakatga namoyish qilindi.
Yuqorida sanab o‘tilgan omillarning hammasi Singapurni qisqa muddatlarda korrupsiya darajasi eng past mamlakatlar ro‘yxatida ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqdi. Shuningdek, davlat xizmatchisining axloq standartlariga rioya etishini qattiq nazorat ostiga olish ham Singapur davlatida korrupsiyaga qarshi kurashda muhim dastaklardan biri bo‘lib xizmat qildi.
Bizning jamiyatimizda esa ustuvor soha — ta’lim tizimida tahsil oladigan o‘smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg‘otish muammosi oldimizda ko‘ndalang turibdi. “Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani – eng katta xavf va kamchilikdir. Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan ulkan g‘oya fuqarolik jamiyati institutlariga tizim va dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatini berdi. Mamlakatimizda “parlament nazorati”, “jamoatchilik nazorati”, degan atamalar taomilga kiritildi, bu borada ilk qonunlar qabul qilindi.
Demak, biz mazkur sohada ishlaydigan tizimni tezlikda yaratishimiz, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari ilg‘or tajribasini qo‘llashga o‘tishimiz lozim. Jamoatchilik nazoratisiz O‘zbekistonda siyosiy tizim islohotlarini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ayniqsa, modernizatsiya, yangilanish, islohotlar bilan korrupsiyaning bir-biriga “qoni qo‘shilmaydi”, yangilik bilan eskilik tarafdorlari, fan, innovatsiya, kreativ fikrlovchilar bilan eski byurokratiya avlodi o‘rtasida muttasil kurash davom etadi.
Mamlakatimizda ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish paytida korrupsiya jiddiy to‘siq bo‘layotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Jamiyatni demokratlashtirish, modernizatsiyalash jarayonlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Iqtisodiyotning investisiya kiritilgan, “pul ishlaydigan”, birmuncha “yog‘li” tarmoqlariga o‘rnashib olgan “korrupsiya xalqasi” milliy taraqqiyotimizning dushmani, jamoat nazorati esa ularga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani ham afsuski, bor gap. Mamlakatda korrupsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, ishlangan usullari “zanjiri” uzib tashlanmas ekan, davlatimizning har qanday siyosiy, iqtisodiy islohotini hayotga olib kirish, xalqni farovon qilish vazifasi qog‘ozda qolib ketaveradi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf eta olamiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”.
Dilshodbek XOLMATOV,
Namangan davlat universiteti prorektori.