So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar natijalariga barchamiz guvohmiz. 

Jumladan, Namangan davlat universiteti ham dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Jahonning oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatiga oid turli reytinglarda faol ishtirok etib, tobora yuqori o‘rinlarni band etmoqda. Universitetda talaba-yoshlar va ilmiy tadqiqotchilarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ilmiy-tadqiqot natijalarini rivojlantirish uchun tashkil etilayotgan va rejalashtirilayotgan ilmiy va ishlab chiqarish laboratoriyalari va boshqalarni sohadagi islohotlar samarasi desak, xato bo‘lmaydi. 

Bugun oldimizga universitetni yanada rivojlantirish maqsadida ulkan rejalarni qo‘yganmiz. 

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Darhaqiqat, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari - uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyondalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Biz ham joriy yilda ziyolilar maskani bo‘lgan universitetimizda amalga oshiriladigan eng muhim vazifalarimizdan biri sifatida professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, Vatanga sadoqat, jadid bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlar qalbida davlat ramzlariga muhabbat va g‘urur tuyg‘usini yanada kuchaytirish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. 

Xususan, “Jadidlar g‘oyalari yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohangdir!” shiori ostida jadid bobolarimizning sharafli hayot yo‘lini ifodalovchi “Ma’naviyat va madaniyat markazi”ni barpo etish, teatrlar, jadidshunoslik kechalarini tashkil etish bilan bir qatorda universitet axborot-resurs markazlarida alohida jadid bobolarimiz ijodini namoyon qiluvchi burchaklarni tashkil etishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ydik.     

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda ta’kidlandiki, professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.  Ya’ni talab yuqori bo‘lgan 100 ta kasb tanlanib, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb  standartlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, oliygoh, texnikum va kollejlarda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etiladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda o‘qitish “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim konponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga  talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha  to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan  olinadigan tizim bo‘ladi. Kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” dasturlari asosida  oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan bu vazifalar ijrosi sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz professional ta’lim tizimi yaqin vaqt ichida jahon standartlari darajasiga ko‘tariladi. Bu esa har birimizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Tabiiyki, bugun xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, xalqaro reytinglarda munosib ishtirok etish va ta’lim dasturlarimizni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali talabalarimizga sifatli ta’lim berish, ilmga asoslangan bilimni rivojlantirish, kadrlarga bo‘lgan bugungi talablarga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash oldimizda turgan eng  muhim vazifalarimizdir. 

Mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, shu kunga qadar Namangan davlat universiteti 70 ga yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan anglashuv memorandumlarini imzolagan. Universitetni xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida dunyoning top-500 taligiga kiruvchi Turkiyaning O‘rta Sharq texnika universiteti, Istanbul Texnika universiteti, Italiyaning Sannio universiteti, Germaniyaning Mayns universiteti bilan xamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Kelgusida professor-o‘qituvchilar va talabalarning xalqaro almashinuv dasturlaridagi ishtiroki soni 5 barobarga oshiriladi. 

Ayni paytda Namangan davlat universiteti GRRENMETRICS (grinmetriks) xalqaro reytingida 790 o‘rinni egallab turibdi. THE va QS xalqaro reytinglarida ham ijobiy natijalarni kutib turib turibmiz. Yaqin vaqt ichida esa xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni amaliyotga keng joriy etish maqsadida universitetda yoshlarning til o‘rganishlari uchun zamonaviy “Til o‘rganish markazi” barpo etiladi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Yangi O‘zbekiston - maktab ostonasidan boshlanadi”. Shu sababli universitetga yosh iqtidorlarni saralab olish, zamonaviy bilim va tajribalar hamda milliy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashda maktab, texnikum va akademik litseylar bilan yaqin hamkorlik qilish faoliyatimizda ustuvor ahamiyat kasb etadi va bu yo‘nalishdagi xayrli ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Yosh iqtidor va iste’dod egalarini astoydil qo‘llab-quvvatlaymiz. Universitetda yoshlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida akademik litsey va viloyatimiz maktablari uchun “Rektor kubogi”, “Rektor olimpiadasi” kabi tadbirlar o‘tkaziladi hamda “Rektor stipendiyasi” ta’sis etiladi. 

Ma’lumki, shiddat bilan rivojlanayotgan jahon ta’limi sahnasida qulay ta’limiy muhitni yaratish, shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida inson omilini kamaytirishning samarali yo‘li - bu raqamlashtirish hisoblanadi. Bu borada universitetda yaqin vaqt mobaynida “Ochiq ilm-fan platformasi” ishga tushiriladi. Mazkur platforma 24 ta kontentni o‘z ichiga olib, universitetda o‘quv-me’yoriy, uslubiy va ilmiy-tadqiqot hamda ijro hujjatlarini raqamli monitoring qilish imkonini beradi.

Universitet tashkiliy tuzilmasini zamon talabalari asosida qayta shakllantirib borish, amaldagi tuzilmalarning ish faoliyatini shaklan va mazmunan takomillashtirish hamda shunga mos tarzda moddiy-texnik bazani boyitish ham oldimizda turgan muhim ahamiyatga ega vazifalardan biridir. Shu maqsadda 7 qavatli “Innovatsion fakultet” o‘quv binosi, ilmiy-amaliy o‘quv poligoni maqsadida yaratilayotgan “Eko-bog‘” maydoni, 2 ta talabalar turar joylari binosining qurilishi boshlangan bo‘lsa, “Ofis registrator” raqamli xizmatlar markazi, 5 ta o‘quv-ilmiy laboratoriyalar, 2 ta 200 o‘rinli zamonaviy ma’ruzalar xonalari va mavjud bo‘limlar uchun shinam xonalar qurilishi rejalashtirilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, Namangan davlat universitetini respublika va jahondagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish maqsadida barcha imkoniyatlardan foydalanamiz. Zero, ta’lim va tarbiya uyg‘unligi millatimiz taqdirini, yurtimiz rivojini ta’minlovchi eng muhim omildir!

Sobitxon TURG‘UNOV,

Namangan davlat universiteti rektori,
 pedagogika fanlari doktori, professor.

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image