Namangan davlat universiteti haqida

Namangan davlat universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.12.2021 yildagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-son Qaroriga muvofiq, moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Universitetda ta’lim jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 30 iyundagi 357-sonli buyrug‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 824-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan 2020/2021 o‘quv yilidan kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan.

Universitetda 2022/2023 o‘quv yili holatiga 8787 talaba o‘rin quvvati va 243 ta o‘quv xonalariga ega 8 ta o‘quv binosi, 1 ta faollar zali, 5 ta sport zali, 2 ta yozgi sport inshooti, 4 ta oshxona va 1594 ta o‘rin quvvatiga ega 4 ta talabalar turar joyidan foydalanmoqda.

Universitet tuzilmasida 16 ta fakultet (Matematika, Fizika, Tabiiy fanlar, Pedagogika-psixologiya, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, Filologiya, Ingliz filologiyasi, Jahon tillari, Yuridik, Ijtimoiy fanlar, Jismoniy madaniyat, San’atshunoslik, Iqtisodiyot, Biotexnologiya, Musiqa ta’limi va madaniyat, Tibbiyot), 46 ta kafedra faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining 3 ta oliy ta’lim muassasasi (A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Ural davlat tibbiyot universiteti, Rossiya biotexnologiya universiteti) bilan hamkorlikda 7 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida (talabalar soni 83 nafar) qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan.

Universitetda bakalavriat bosqichida 67 ta ta’lim yo‘nalishlari va magistratura bosqichida 33 ta mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. So‘nggi 3 yil ichida baklavriat ta’lim yo‘nalishlari soni 1,5 martaga, magistratura mutaxassisliklari soni 1,6 martaga ko‘paygan.

2023 yil holatiga universitetda 27 ta tayanch-doktorantura ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ulardan 17 tasi yoki 63 foizi so‘nggi 3 yil ichida tashkil etilgan.

2023 yil 1 may holatiga universitetda jami 28547 nafar, shundan, kunduzgi ta’limda 14389 nafar, kechki ta’limda 2688 nafar, sirtqi ta’limda 9981 nafar, qo‘shma ta’limda 82 nafar hamda magistratura bosqichida 1407 nafar talaba tahsil oladi.

Universitetda asosiy shtatda 735 nafar (shundan 255 nafari yoki 35 foizi ayollar) professor-o‘qituvchilar faoliyat olib borib, ulardan, 246 nafari ilmiy daraja va unvonga ega xodimlardir. Shundan, 27 nafari fan doktori (jumladan, DSc), professorlar, 219 nafari fan nomzodi (jumladan, PhD), dotsentlardir. 2023 yil 1 may holatiga universitetning ilmiy salohiyati 33,5 foizni tashkil qiladi. 2020 yilda esa universitetda 15 nafar fan doktori (jumladan, DSc), professorlar, 189 nafar fan nomzodi (jumladan, PhD), dotsentlar faoliyat olib borgan.

Ta’lim jarayonining o‘quv-laboratoriya ta’minotini zamonaviy quvvatlar hisobiga oshirish, o‘quv-ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot poligonlarini barpo etish bo‘yicha Jahon banki granti loyihasi doirasida 165,3 ming AQSH dollari qiymatida baliqchilik sohasidagi “Akvakultura” o‘quv-ishlab chiqarish syexi, AQSHning USAID jamg‘armasi granti asosida 16,7 ming AQSH dollari qiymatida oziq-ovqat va biotexnologiya sohasidagi  “Sukat” o‘quv-ishlab chiqarish syexi, universitet o‘z mablag‘lari hisobidan 250,0 mln. so‘m qiymatida o‘quv va maishiy mebellar ishlab chiqarish texnologiyasi va konstruksiyasiga ixtisoslashgan “NamDU Innovation-2022” unitar o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan.

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image