Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz hamkasblar!
Avvalo, barchangizni 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
O‘qituvchilik — inson hayotiga, jamiyat va kelajak taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan sharafli va mas’uliyatli kasbdir. Ustoz nafaqat bilim beradi, balki yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, ezgulikka intilish, ilmga hurmat va kelajakka ishonch tuyg‘ularini shakllantiradi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “O‘qituvchi — mehr daryosi, o‘qituvchi — ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi — ma’rifat quyoshi!” Darhaqiqat, bugun yoshlar qalbiga singdirilayotgan bilim va ezgulik ertaga jamiyatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi o‘quv binolari, zamonaviy laboratoriyalar va ta’lim uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bilan bir qatorda, ta’lim sifati va mazmunini belgilaydigan asosiy kuch — bu fidoyi ustozlardir.
Namangan davlat universitetida ham ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Universitetimizning bugungi yutuqlari, talabalarimizning ilmiy, sport, madaniyat va boshqa sohalardagi muvaffaqiyatlari, avvalo, siz — hurmatli professor-o‘qituvchilarimizning zahmatli mehnatingiz bilan chambarchas bog‘liq.
Ustozning eng katta boyligi — uning shogirdi, eng yuksak e’tirofi esa shogirdining kamoli va muvaffaqiyatidir.
Muhtaram ustozlar!
Sizlarning har bir darsingiz, bergan bilimingiz va hayotiy saboqlaringiz yoshlarimiz kelajagiga qo‘shilayotgan muhim hissadir. Shu bois sizlarning mehnatingizni qadrlash, qo‘llab-quvvatlash va munosib sharoit yaratish bizning doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, universitetimizning barcha professor-o‘qituvchilari, murabbiylari, faxriy ustozlari va ta’lim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha xodimlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor muborakbod etaman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Shogirdlaringizning yutuqlari, xalqimizning ehtiromi va Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissangiz sizga doimo kuch va ilhom bag‘ishlasin.
1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Hurmat va ehtirom bilan,
Abdug‘affor Qirg‘izboyev
Namangan davlat universiteti rektori