Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unovning Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan BAYRAM TABRIGI
- Bosh sahifa
- Axborot xizmati
- Tadbirlar
- Namangan davlat...
- 10.03.2025
- 12:01
- 50

Assalomu alaykum, aziz ayollar, opa-singillarim, lobar qizlarim!
Barchangizni betakror fasli navbahor tashrifi hamda Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabriklayman, qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Bu galgi ayollar bayrami muborak Ramazon oyida nishonlanayotgani ham qalblarimizni ajib va o‘zgacha sururga to‘ldirayotgani, shubhasiz!
Darvoqe, tabiatga zeb bergan bahor fasli bo‘lsa, hayotga mazmun bag‘ishlagan - bu ayoldir. Ayol ona, opa-singil, rafiqa, farzand sifatida o‘z vazifasini shunchalar sidqidillik bilan ado etadiki, shu bois u sadoqat timsoliga aylangan.
Kuni kecha bayram munosabati bilan poytaxtda o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqida bu haqdagi eng muxtasar so‘zlarni aytib o‘tdilar. Ya’ni, nutqda ta’kidlanganidek, «Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi....
...Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda».
Men mamnuniyat bilan Namangan davlat universiteti nufuzining tobora yuksalishida jamoamizda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning alohida o‘rni borligini e’tirof etib o‘tmoqchiman va barchangizning mehnatingiz, intilishingiz, fidokorligingizni yuksak qadrlashimni qalbim g‘ururga to‘lgan holda qayd etmoqchiman.
Muhtarama opa-singillarim, talaba qizlarim!
Sizlar - shunday osuda yurt, farovon hayot, inson manfaati ulug‘ sanalgan Yangi O‘zbekistonning tol’yei baland fuqarolarisiz. O‘tkir zakovatingiz, uddaburonligingiz, shijoatingiz bizga kuch beradi, pokiza qalbingizning ezgulikka to‘liq ekanligi esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, hayotimizga ma’no baxsh etadi.
Davlatimiz rahbarining Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytilganidek: «Oldimizga barcha soha va yo‘nalishlarda g‘oyat ulug‘vor maqsadlarni qo‘ymoqdamiz.
Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qo‘lida.
Shuning uchun siz, muhtarama ayollarimizga ulkan tahsinlar aytib, sizlarni qo‘llab-quvvatlashdan hech qachon charchamaymiz!»
Bayramingiz muborak bo‘lsin, munis opa-singillarim!
Yuragingizdagi beg‘ubor tuyg‘ular aslo zavol topmasin. Baxtu omad, ishonch va umid doimiy hamrohingiz bo‘lsin. Doim bahor kabi yashnab yuring. Go‘zalligingiz, latofatingizga aslo ko‘z tegmasin!
Xalqaro xotin-qizlar kuni yana bir bor qutlug‘ bo‘lsin!
Qidirish
So'nggi yangiliklari
O‘ZARO HURMAT VA DO‘STLIKNING OLIY NAMUNASI
- 13.03.2025