O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari uchun Toshkent shahriga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohatning asosiy maqsadi ishtirokchilarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy qadriyatlar va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish, shuningdek, Vatanimizning boy tarixi va bugungi taraqqiyotini yaqindan anglash uchun zarur ma’naviy muhitni yaratishdan iborat bo‘ldi.
Sayohat davomida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Mazkur maskan O‘zbekiston hududida asrlar davomida shakllangan islomiy-ma’rifiy meros, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotini namoyon etuvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy majmualardan biridir. Tashrif davomida ishtirokchilar ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, ilm-fan va ma’rifat sohasidagi bebaho merosi, shuningdek, islom olamining ilmiy va madaniy taraqqiyotiga oid qimmatli ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, delegatsiya G‘alaba bog‘i majmuasida bo‘ldi. Mazkur majmua Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, fidoyiligi va matonatini abadiylashtirish, ajdodlar xotirasini e’zozlash hamda yosh avlodni tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida ishtirokchilar xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ajdodlarimizning ilm-fan, ma’rifat va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, milliy qadriyatlarimiz hamda Vatanimiz tarixining muhim va murakkab davrlariga oid noyob ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Ayniqsa, G‘alaba bog‘idagi ekspozitsiyalar orqali Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining frontdagi jasorati, front ortidagi fidokorona mehnati, yurtimizdan urushga safarbar etilgan yurtdoshlarimizning taqdiri hamda xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy sayohatlar yoshlarning tarixiy tafakkurini boyitish, ularda Vatanga daxldorlik, milliy g‘urur va ajdodlar xotirasiga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizning bugungi tinch va farovon hayoti qadrini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Namangan davlat universiteti jamoasi uchun tashkil etilgan mazkur sayohat Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning uzviy davomi bo‘lib, ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.