Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev universitetda faoliyat yuritayotgan ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning raislari va a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish, ilmiy darajalar beruvchi kengashlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda ilmiy ishlarni himoya qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida ilmiy darajalar beruvchi kengashlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ularning ish samaradorligini oshirish va ilmiy himoya jarayonlarini belgilangan me’yorlar asosida tashkil etish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Shuningdek, ilmiy ishlarni himoya qilish jarayonlarida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, barcha jarayonlarda qonuniylik, xolislik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Rektor tadqiqotchilar uchun qulay va adolatli ilmiy muhitni shakllantirish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidlab, ilmiy daraja olish istagidagi izlanuvchilarga asossiz talablar qo‘yish, ularning ilmiy faoliyatiga sun’iy to‘siqlar yaratish hamda ortiqcha byurokratik jarayonlarga yo‘l qo‘yish mumkin emasligini qayd etdi.
Uchrashuvda ilmiy darajalar beruvchi kengashlar faoliyatida talabchanlik bilan bir qatorda xolislik, mas’uliyat va akademik halollik tamoyillarini mustahkamlash masalalariga ham alohida urg‘u berildi. Ilmiy ishlarning sifati, tadqiqotlarning amaliy ahamiyati va ilmiy natijalarning haqqoniyligi himoya jarayonlarining asosiy mezonlari bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, universitetning ilmiy salohiyatini yuksaltirishda ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning o‘rni muhim ekani qayd etildi. Ilmiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, iqtidorli yosh olimlar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lish ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida ilmiy darajalar beruvchi kengashlar raislari va a’zolariga o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy himoya jarayonlarining sifat va samaradorligini oshirish hamda universitetning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.