Namangan davlat universiteti Xitoy bilan ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirmoqda

Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, xorijiy ta’lim tizimi tajribasini o‘rganish hamda ilm-fan sohasida yangi istiqbolli yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida delegatsiya Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida bo‘lib, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv dasturlarini joriy etish, qo‘shma ilmiy-innovatsion loyihalarni shakllantirish, xalqaro ilmiy fondlar va Xitoy tomonidan moliyalashtiriladigan grantlar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Dastlab delegatsiya Changchun shahrida joylashgan Xitoy–Rossiya texnoparkida bo‘ldi. Ushbu ilmiy innovatsion hududda tizimli tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologik integratsiyani kuchaytirish borasidagi faoliyat bilan tanishtirildi. Texnopark direktori Li Yun Pin va mas’ul mutasaddilar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Natijada ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Tashrif davomida delegatsiya Szilin shahrida joylashgan An’anaviy Xitoy tibbiyot universitetida bo‘lib, mazkur oliygohning tarixiy rivoji, ta’lim dasturlari, zamonaviy laboratoriyalari hamda ilmiy markazlari faoliyati bilan tanishdi. Szilin An’anaviy Xitoy tibbiyot universiteti prezidenti va mas’ul vakillar bilan o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi va universitetga xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Muzokaralar yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
 
Safar doirasida delegatsiya Szilin qishloq xo‘jaligi universitetida bo‘lib, agrar innovatsiyalar, agrobiologik tadqiqotlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdi. Rasmiy uchrashuvda dorivor o‘simliklar yetishtirish, o‘simliklar biotexnologiyalari hamda agronomiya yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, istiqbolli rejalar belgilandi.
 
Tashrifning navbatdagi manzili Taizhou universiteti bo‘ldi. Mazkur maskanda ta’lim yo‘nalishlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy maktablar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida xalqaro ilmiy-innovatsion loyihalar ustida hamkorlik, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish, xorijiy grant yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.
 
Ushbu tashrif davomida erishilgan kelishuvlar, imzolangan anglashuv memorandumlari va belgilangan istiqbolli rejalar Namangan davlat universitetining xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Hamkorlik aloqalarining kengayishi qo‘shma ilmiy izlanishlar, innovatsion loyihalar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar uchun esa xalqaro ta’lim tajribalarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini yaratadi. Mazkur tashrif natijalari kelgusida ilm-fan rivoji, ta’lim sifati va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim omilga aylanadi.

Home Book

"Digital library"

www.namdu.uz

Start learning from the "Digital Library" system.

image