Joriy yilning 8-aprel kuni Boku Slavyan universitetida “I Turkologik qurultoyning 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro turkologik tadqiqotlar konferensiyasi” bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiyada Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi prezidenti Isa Habbibeyli, Ozarbayjon Respublikasining Bosniya va Gersegovinadagi favqulodda va muxtor elchisi Vilayet Quliyev, Ozarbayjon Milliy Majlisi Oila, xotin-qizlar va bolalar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari, deputat Jala Aliyeva, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda boshqa turkiy davlatlar universitetlari rahbarlari va yetakchi olimlar ishtirok etdilar.

Konferensiyaning asosiy maqsadi turkologiya sohasidagi tadqiqotlarning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbirning ochilish qismida so‘zga chiqqan Boku Slavyan universiteti Anar Nagiyev konferensiya turkiy dunyoda kechayotgan jarayonlarni tilshunoslik va adabiyot bilan bir qatorda xalqaro munosabatlar hamda siyosiy fanlar nuqtayi nazaridan kompleks o‘rganishga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Birinchi Turkologiya qurultoyidan 100 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Boku bugungi kunda ham turkologiya masalalari muhokama qilinadigan asosiy platformalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa Bokuning ilmiy muhitdagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi” — dedi Anar Nagiyev

Isa Habbibeyli o‘z nutqida 1926-yilda Bokuda o‘tkazilgan Birinchi Turkologiya qurultoyi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur qurultoy turkiy xalqlarning birligi va hamjihatligini namoyon etgan ilk nufuzli xalqaro ilmiy anjuman sifatida jahon ilmiy tarixida muhim o‘rin egallaydi.

“Qurultoyning asosiy ahamiyati shundaki, u turkiy xalqlarning birligi va hamjihatligini namoyon etgan hamda ularning kelajakdagi vazifalarini belgilab bergan ilk nufuzli ilmiy platforma sifatida jahon ilmiy tarixiga kirgan. Qurultoyning yana bir muhim jihati turkiy dunyoning geografik chegaralarini aniqlash bilan bog‘liq. Unda ishtirok etgan 131 nafar vakil deyarli Yevrosiyoni qamrab olgan keng hududni ifodalagan” — dedi Isa Habbibeyli

Konferensiyada so‘zga chiqqan Abdug‘affor Qirg‘izboyev Turkologiya qurultoyining turkiy xalqlar yaqinlashuvidagi o‘rni, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari haqida to‘xtalib o‘tdi. U bugungi konferensiya turkiy xalqlarning birlik va hamjihatligini yana bir bor namoyon etishini qayd etib, “Ajdodlarimiz — jadidlar boshlab bergan ezgu ishlarni bugun davom ettirishimiz lozim”, deya ta’kidladi.

Mazkur xalqaro konferensiya turkologiya sohasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, turkiy davlatlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image