
Akademik ta’til o‘zi nima?
Akademik ta’til — talaba o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish majburiyatidan ozod qilingan davr tushuniladi.
Akademik ta’til qanday hollarda beriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 2-xatboshida talabalarga akademik ta’til qanday hollarda berilishi belgilab qo‘yilgan.
Bular:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun;
- salomatligini tiklash uchun;
- homiladorlik va tug‘ish uchun;
- bolalarni parvarish qilish uchun;
- oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.
Oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar
Talabaga salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilning berilishi yuqorida keltirilgan Oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademik ta’til qancha muddatga beriladi?
Akademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
- homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga;
- salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga (agar mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq talaba akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilsa, navbatdagi semestrning boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga). Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
Akademik ta’til olish uchun kimga ariza beriladi va qanday hujjatlar ilova qilinadi?
Akademik ta’til olish uchun talaba tomonidan OTM rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.
Arizaga akademik ta’til olish uchun sabab bo‘lgan holatni asoslovchi hujjat (talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi yoki talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi yoxud oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi)ilova qilinadi.
Murojaat bir haftalik muddatda ko‘rib chiqilib, ta’til berish OTM rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Unda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatiladi.
Yosh bolali xotin-qizlar OTMda onlayn tahsil olishi mumkinmi?
Yuqoridagi holatlarda akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin. Shu jumladan yosh bolasi bor xotin-qizlar ham!
Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi.
Akademik ta’til muddatini qanday holda uzaytiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 12-xatboshida talabalarning akademik ta’til muddati qanday hollarda uzaytirilishi belgilab qo‘yilgan.
Bular:
- Salomatligini tiklash yoki oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalarda homiladorlik va tug‘ish holatlari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug‘ish uchun mazkur Nizomda belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.
- Talabaning salomatligi yoki oilasining betob a’zosi salomatligi tiklanmaganda talabaning arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i asosida akademik ta’til muddati ushbu toifadagi holatlar uchun belgilangan muddatlarga uzaytiriladi.
Akademik ta’tilni muddatidan avval bekor qilsa bo‘ladimi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 14-xatboshida talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab bir oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab oliy ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
Akademik ta’til tugagandan so‘ng talaba to‘g‘ridan to‘g‘ri dars jarayoniga kirisha oladimi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 15-xatboshida talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.
Talaba akademik ta’tildan belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.
Akademik ta’til davrida talaba o‘qigan yo‘nalish yopilib ketgan bo‘lsa nima bo‘ladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 16-xatboshida agar akademik ta’til davrida talaba tahsil olgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) tugatilgan bo‘lsa, talabaning o‘qishini mazkur oliy ta’lim muassasasining turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha, agar bunday bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) mavjud bo‘lmasa, turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga (magistratura mutaxassisligiga) ko‘chirib tiklash masalasi ariza bilan birga ko‘rib chiqiladi va Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda hal etiladi.
Akademik ta’tildan qaytgach, ilgari o‘zlashtirgan fanlarini qayta o‘zlashtirish majburiyati yuklanadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 344-sonli qarori 1-ilovasi 19-xatboshida akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari o‘zlashtirilgan fanlarni qayta o‘zlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.
Muallif: NamDU matbuot kotibi Komilxo‘ja Otavalixo‘jayev