Korrupsiya – bu har bir jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini izdan chiqaruvchi eng xavfli jinoyatlardan biridir. Bu illat orqali jamiyat tanazzulga yuz tutadi va yosh avlodning yorqin kelajagiga putur yetadi. Natijada esa jamiyatdagi barcha sohalar taraqqiyotdan ortda qoladi.

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ham bu masalalar alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ushbu yig‘ilishda islohotlarni amalga oshirishdagi eng katta to‘siq aynan korrupsiya ekanligi, unga qarshi kurashish esa har bir fuqaroning burchi ekanligi aytib o‘tildi.

So‘nggi yillarda  oliy ta’lim tizimida ham korrupsiyani oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilgani qayd etildi. Jumladan, bundan 7-8-yil avval oliygohlarga o‘qishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olganligi, sohada raqamlashtirish jarayoni joriy etilgani, imtihonlarni onlayn translyatsiya bo‘layotgani, avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi amaliyotga kiritilgani ta’kidlanib, bu mazkur sohada korrupsion holatlarni keskin kamayishiga olib kelgani asosli tarzda ko‘rsatib o‘tildi.

Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamayganligi ijobiy holat bo‘lganligi barchaga ma’lum.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, oliy ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan rahbar, professor-o‘qituvchi yoki xodimlarni korrupsion holatlarga nima yetaklayapti? Agar tahlillarga e’tibor bersak, oliy ta’lim muassasalar xodimlariga berilayotgan e’tibor bilan bundan 7-8-yil oldingi holat o‘rtasida anchagina farq ko‘zga tashlanadi. Sababi ayni paytda OTMda faoliyat olib borayotgan rahbarlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning oylik maoshi, ustama haqlari, ularni ijtimoiy himoya qilish sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunday e’tiborga qoniqmasdan ayrim hollarda OTMga o‘qishga kiritish va o‘qishni ko‘chirish kabi jinoiy harakatlarni amalga oshirish hozirgi kundagi olib borilayotgan siyosatga nisbatan xiyonat deyish mumkin.

Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi kurashishda oliy ta’lim muhim ahamiyatga ega soha sifatida ajralib turadi. Chunki, oliy ta’lim mehnat faoliyatiga yo‘llanma beruvchi yakuniy uzluksiz ta’lim bosqichi hisoblanadi. Butun dunyoda va mamlakatimizda oliy ta’lim olishga bo‘lgan intilish juda yuqori va bu boradagi kuchli raqobat korrupsiyaviy holatlar kelib chiqish ehtimolini oshiradi.

Ta’lim sohasi bu mamlakat taqdiri bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu sohaga korrupsion holatlarni aralashtirib, turli nopok ishlarni qilish jamiyat taqdiriga befarqlik deganidir.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, bu sohani “korrupsiyadan xoli tizim”ga aylantirish, malakali kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha juda ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu ishlarni ijrosini sifatli bajarishda har bir oliy ta’lim tizimi vakili o‘zini hissasini qo‘shishi ham qarz, ham farzdir.   

Nazarimizda, “halollik vaksinasi” inson qalbiga igna bilan emas, iymon nuri orqali o‘tib, uning vijdonini poklaydi. Har qanday insonga qondan va ona suti orqali “halollik vaksinasi” singib boradi. Demak, inson halol bo‘lishi uchun uning iymoni butun bo‘lishi lozim. Har bir odam o‘z ishini halol bajarsa, u “halollik vaksinasi” bilan emlangan bo‘ladi. Ana shunday immunitetni shakllantirish vazifasi, avvalo ota-onalar, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlari, shuningdek, xalqimizning ziyoli, ma’naviyatli qismi zimmasiga yuklanadi. Iymonli odam harom luqma, birovning haqini yeyishdan, harom ishlar qilishdan tiyiladi, chunki uning vijdoni pokligi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Va albatta, u ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, xalqi va Vatani uchun fidoyilik bilan halol mehnat qiladi, halol luqma topib, farzandlariga yediradi.

Oliy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan har bir xodim, avvalo farzandini taqdirini, oilasini taqdirini, Vatanini taqdirini, uning ertasini o‘ylasa bunday noxush holatlarga chek qo‘yilishi tabiiy holga aylanadi.

Dilnoza MAHMUDOVA

NamDU, Matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image