“Yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, texnologik savodxon yoshlari ko‘p bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot, o‘zaro jipslik hamisha barqaror bo‘ladi.”

— Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugungi O‘zbekiston – yoshlar zamini. Bu jumla shunchaki balandparvoz ibora emas, bu – bugungi voqelik, ertangi istiqbolga yo‘naltirilgan ishonchning ta’rifidir. Naqadar katta, naqadar maʼnoli bu so‘zlar! Zero, biz shunday bir davrda yashayapmizki, har bir yangilikning yuragida, har bir islohotning tamal toshida, har bir harakatning boshlanishida aynan yoshlik va bilim yotibdi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan chuqur islohotlarning tamal toshi – bu yosh avlodga berilayotgan ustuvor eʼtibordir. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuqoridagi fikr bugun hayotiy haqiqatga aylanmoqda. “Ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjiri asosida bunyod etilayotgan zamonaviy taraqqiyot modeli har bir yoshga katta umid va ishonch bilan qaralayotganining yorqin isbotidir.

“Bilimli yosh – barqaror jamiyat kafolati”

Shubhasiz, har qanday jamiyatning ertangi kuni bugungi yoshlarga bogʻliq. Bu haqiqat bugun har doimgidan ham dolzarb. Chunki endi yoshlar – nafaqat kelajak uchun, balki bugun uchun ham mas’ul avloddir.

Ammo e’tiborga molik jihat shuki, bugungi yoshlarga qoʻyilayotgan talab, ularga yaratilayotgan imkoniyat va berilayotgan ishonch – O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Ilgari “orzu” deb qaralgan holatlar bugun – imkoniyat. Ilgari faqat “yetuk davrlar”ga xos deb o‘ylangan sharoitlar – bugun har bir yosh uchun ochiq eshik.

Sababi, zamon o‘zgardi. Dunyo tubdan yangilanmoqda. Raqobat har qachongidan ham kuchli, tafakkur har qachongidan ham global, taraqqiyot esa hech kimni kutmaydi. Bugungi kunda bilim – qudrat, texnologiya – kuch, tashabbus – yo‘l ochuvchi vosita. Endi kimdir sen uchun yo‘l ochib bermaydi; o‘sha yo‘lni o‘zing topishing, yaratishing, yurishing kerak.

Prezidentimiz ilgari surgan “Taʼlim – kelajak sarmoyasi” degan ezgu gʻoya bugun butun jamiyatimizda katta harakatga, intilishga, ruhiy ko‘tarinkilikka aylanmoqda. Bunday strategik yondashuv natijasida minglab yoshlarimiz o‘z intellektual salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlarining dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgani faxr va iftixor bilan qaraladigan yutuqqa aylandi. O‘tgan yili o‘zbek yoshlari dunyoning TOP-500 talik universitetlariga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi. Hatto TOP-5 talik oliygohlarga kirganlar ham bo‘ldi. Bu — yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mehnat, siyosiy iroda va oqilona ta’lim strategiyasining samarasidir.

Bugungi kunda 30 nafar yoshlarimiz dunyoning eng ilg‘or TOP-10 universitetlarida tahsil olayotgan boʻlsa, 500 nafari – TOP-100 talik, 1 500 nafari esa TOP-300 reytingli oliygohlarda o‘qimoqda.

Bu raqamlar oddiy statistik ma’lumot emas – bu kelajakni yaratadigan kuchning shakllanishidir!

“O‘zbekistonlik Garvardchilar: tayyorgarlikning milliy tajribasi”

Yoshlar taʼlimi borasida yana bir muhim yangilik – “Garvardchilar” maktabi deb nom olgan Beruniy xalqaro maktabining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Bu maskan nafaqat zamonaviy ta’lim usullari bilan ajralib turadi, balki o‘quvchilarni dunyoning eng nufuzli universitetlariga tayyorlaydigan muassasa sifatida milliy faxrimizga aylanish arafasida.

Bu yil 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar iqtidorli bola tanlab olinadi va ularni 3 yo‘nalishda chuqurlashtirilgan o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bu — davlat tomonidan ta’limga, yosh avlodga, kelajakka bo‘lgan e’tiborning yana bir dalilidir.

“El-yurt umidi” – iqtidor parvoziga yo‘l ochgan eshik.

Bilimli, g‘ayratli, orzuli yoshlar uchun yana bir eshik – “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali ochildi. Yaqinda jamg‘arma faoliyati tubdan takomillashtirildi. Endilikda TOP-300 talik oliygohlarga kirgan yoshlar uchun nafaqat oʻqish, balki yashash xarajatlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi. Eng quvonarlisi, bu tizimda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, urbanizatsiya, qishloq xo‘jaligi kabi dolzarb yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilib, kvotalar bir necha barobarga oshirilmoqda.

Yoshlar bilim olsin, yurtga qaytib xizmat qilsin, yangi g‘oya va innovatsiyalar olib kelsin – davlat shu maqsadda hatto 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim kreditini banklar orqali joriy etdi. Bunday e’tibor, bunday yondashuv har qanday yurtda ham har doim ham uchrayvermaydi.

“Prezident va yoshlar: samimiyatga asoslangan muloqot”

Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotlar oʻtkazilishi – davlat boshqaruvida avlodlar orasidagi ishonchli bogʻlanishni ta’minlayotgan muhim omildir. O‘z sohasida ilg‘or, tashabbuskor, jamoaga o‘rnak bo‘lgan o‘g‘il-qizlar rag‘batlantirilib, mukofotlanmoqda. Bunday yondashuv yoshlarning ichki ishonchini, faolligini va mas’uliyatini orttiradi.

O‘zbekiston yoshlariga berilayotgan e’tibor va ishonch — ularga nafaqat kuch, balki mas’uliyat ham yuklaydi. Zero, ertangi kun taqdiri bugun bilim olayotgan, innovatsiyalar bilan ishlayotgan, fikrlayotgan, o‘z ustida ishlab, orzu qilayotgan yoshlar qo‘lida.

           Yoshlar endi imkon kutayotgan emas, imkoniyatni o‘zi yaratayotgan avloddir. Prezident boshchiligida olib borilayotgan siyosat esa bu avlodning yo‘lini yoritib, harakatiga zamin tayyorlab bermoqda. O‘zgarayotgan O‘zbekiston manzarasida eng yorqin syujetlar aynan yosh avlod hayoti, orzulari va mehnati bilan boyimoqda. Chunki zamon shiddati bilan harakat qilayotgan bu jamiyatda, eng muhim boylik – bu bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshdir.

Muhriddin SODIRJONOV
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image