So‘nggi kunlarda jahon hamjamiyati va yurtdoshlarimizning diqqat-e’tibori Fransiya markaziga qaratildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning har ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Fransiyaga tashrifi tom ma’noda o‘zining samaradorligi bilan yodda qoladigan bo‘ldi.

Ma’lumki, ikki mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar uzoq tarixga ega. Fransiya qiroli Karl VI va Amir Temur davridagi o‘zaro savdo-sotiq va do‘stona munosabatlarga oid yozishmalar bunga yorqin misol bo‘ladi. Yevropaning ko‘plab davlatlari qatori Fransiya ham Sohibqiron Amir Temurga yuksak hurmat bilan qaraydi. Amir Temur Yildirim Boyazidni mag‘lub etganidan so‘ng, aynan fransuzlar Amir Temurning oltindan haykalchasini quydirib, ostiga “Yevropa xaloskoriga” deb yozdirishadi.

Bu mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik bugungi kunga kelib o‘zining yangi tarixiy davrini boshladi deyish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashrifi muhim voqeliklarga boy bo‘ldi va bu har ikki davlat o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.

Ayniqsa, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni topshirilishi nafaqat O‘zbekiston rahbariga, balki xalqimizga bo‘lgan yuksak ehtirom natijasi ekanligini ta’kidlash lozim.

Tashrif davomida barchani diqqat-e’tiborini tortgan yana bir jihat  Prezident Emmanuel Makron o‘zbek tilida so‘zladi. Ya’ni Yelisey saroyidagi qabul marosimida Fransiya Prezidenti: “Yashasin O‘zbekiston! Yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya-O‘zbekiston do‘stligi!”, deb fikr bildirdi. Bu esa o‘zbek millatiga va o‘zbek tiliga cheksiz hurmat belgisi bo‘ldi.

Shu bilan birga Fransiya Prezidenti o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ham o‘zbek tilida yozdi. U o‘zining rasmiy sahifasida “Fransiyaga xush kelibsiz” deya O‘zbekiston Prezidentini olqishlab xabar qoldirdi va “Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya!” – deya uni yakunladi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning naqadar samimiy ekanligini ko‘rsatmoqda.

Mazkur tashrif o‘zining istiqbolli natijalari bilan ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Fransiya bilan 1992 yildan beri diplomatik munosabatlarni olib borayotgan bo‘lsa-da, ushbu tashrif davomida o‘z tarixida birinchi marta Fransiya bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makronning o‘zaro muzokaralari yakunida ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga kelindi. Undagi qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard yevrodan ziyodni tashkil etishini ta’kidlash lozim.

Tashrif davomida barcha sohalarda samarali hamkorlik olib borish belgilandi. Jumladan, kelgusidagi oliy ta’lim sohasida ham yangi kelishuvlarga erishilgani malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda jahon reytingida oliy ta’lim sohasida Fransiya oliygohlari yetakchi o‘rinlarda turishi barchaga ma’lum. Bu borada O‘zbekistonda Fransiyaning ilk universitetini ochilishi esa barcha yoshlarni va ziyolilarni birdek quvontirdi.

Tashrif samaradorligini yana bir jihati, Fransiya poytaxti Parij shahri ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani bo‘ldi. Bu esa ikki tarixiy shaharlar o‘rtasidagi mushtaraklikni yanada mustahkamladi.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi mamlakatimiz tarixida, uning taraqqiyotida muhim ahamiyatga boy voqelik bo‘lish bilan birga xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynadi.

Narimon DEXKANOV

NamDU professori, siyosiy fanlar doktori,

Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image