Asosiy kontentga o'tish

“Yoshlar kuni” munosabati bilan Namangan davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetida rahbarlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xondamir Axunbabayev, Iqtisodiyot fakulteti dekani Bahromjon Urinov, dekan o‘rinbosarlari hamda “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Muloqot davomida talabalar tomonidan Namangan viloyatida turizmni rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, yoshlarni sohaga keng jalb etish hamda zamonaviy raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan amaliy, innovatsion va kreativ loyihalar taqdim etildi.

Jumladan, “Yosh gidlar akademiyasi – Smart Guide Lab” loyihasi ilgari surildi. Mazkur loyiha doirasida xorijiy tillarni yaxshi biladigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh gidlarni tayyorlash maqsadida qisqa muddatli, intensiv va amaliy kurslarni tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, Turizm boshqarmasi mutaxassislarini loyiha ishtirokchilariga mentor sifatida biriktirish hamda hamkorlik memorandumini imzolash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida yana bir muhim tashabbus — “Namangan Tourism Cup” talabalar olimpiadasini tashkil etish taklifi bildirildi. Mazkur tanlovni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish, unda eng yaxshi turizm startaplari, raqamli marketing loyihalari, mahoratli yosh gidlar hamda viloyatning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi yosh blogerlar o‘rtasida bellashuvlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Talabalar tomonidan raqamli va ekoturizm yo‘nalishlarida ham bir qator innovatsion loyihalar taqdim etildi. Xususan, hudud turizmini raqamlashtirishga qaratilgan virtual navigatsiya tizimlari, “Uzbekistan Quest” mobil o‘yini, “Raqamli detoks”, “Yashil sayohat”, shuningdek, “Gastronomik xarita va taomlar pasporti” kabi kreativ startap g‘oyalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur loyihalar sayyohlar uchun qulayliklar yaratish bilan birga, yoshlarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish, mahalliy turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, yangi xizmat turlarini joriy etish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida turizm sohasida yuqori faollik ko‘rsatgan, tashabbuskorligi va eng yaxshi ratsionalizatorlik takliflari bilan ajralib turgan yoshlar viloyat hokimligi hamda Turizm boshqarmasining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image