Namangan davlat universitetida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan zamonaviy, bilimli va yuksak kasbiy salohiyatga ega tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Davronbek Dehqonov, Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Qoziboyeva, Tibbiyot fakulteti dekani G‘ofurjon Abdullayev, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar hamda yuqori bosqich talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli «Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.
Mazkur hujjat tibbiyot va farmatsevtika sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan yanada uyg‘unlashtirish hamda soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, klinik amaliyot samaradorligini oshirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida talabalarni tibbiyot sohasidagi yangilanishlar va zamonaviy talablarga mos ravishda tayyorlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda kelgusida munosib mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan tegishli takliflar bildirildi.