Namangan davlat universiteti Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi tomonidan 2026–2027-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining respublika bosqichida ishtirok etuvchi talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Ma’rufjon Habibullayev ishtirokchi talabalar bilan suhbat o‘tkazib, tanlovning respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan tayyorgarlik yo‘nalishlari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida vazirlikning tegishli hujjati bilan tasdiqlangan tartib-qoidalar asosida O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar va axborot texnologiyalari fanlaridan o‘tkaziladigan test sinovlarining mazmuni, tartibi hamda baholash mezonlari tushuntirildi. Shuningdek, talabalar egallashi lozim bo‘lgan bilim va kompetensiyalar, test topshiriqlarini bajarishda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va savollarga mantiqiy yondashish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, tanlovning respublika bosqichiga tayyorgarlik jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tashkiliy va uslubiy masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.