
Har bir davlat o‘z siyosatida yoshlar uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar va ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni yaratib boradi “Yangi O‘zbekistonni dunyoning taraqqiy topgan, ijtimoiy-iqtisodiy barqaror o‘sayotgan va inson kapitali yuqori bo‘lgan demokratik davlatlari qatoriga kirishini ta’minlash – barqaror rivojlanish strategiyamizning mazmun va mohiyatini tashkil yetadi”. Bugungi kunda dunyoda 30 yoshgacha bo‘lgan 3,5 milliard odam yashaydi, ular son jihatidan tarixdagi yeng katta sonli aholini tashkil qiladi.
“Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosidagi davlat barpo yetish, demokratik davlat va adolatli jamiyat qurish, bunda “Yoshlar - Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” degan oddiy va aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-fevral kuni mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari muhokama qilinib, faol yoshlarning takliflari eshitildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida azm-u shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
“Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz.
Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi?
Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”, - dedi Prezident.
Olib borilgan tadqiqotlardan shuni xulosa qilish mumkinki – imkoniyatlar tengligining kamayishi bilan yoshlar o‘rtasida ta’lim olish, mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashish, mavjud ish joyini yo‘qotishdan qo‘rqish muammolari ayniqsa keskinlashmoqda. Mehnat bozoridagi talab va bugungi kunda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari tomonidan oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanayotgan mutaxassisliklar o‘rtasida mutanosiblik mavjud yemasligi sababli yoshlar bandligini ta’minlash masalalari keskinlashmoqda.
“Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”, – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev .
Yoshlarni yuqori malakali kasb sohiblariga aylantirish Yangi O‘zbekistonning ustuvor davlat siyosatiga aylantirildi. Xususan, oliy ta’lim bilan qamrash darajasi 35-40 foizdan oshdi. Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari soni 203 taga yaqinlashib qoldi. Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.
Ta’limga yo‘naltirilgan investitsiyalar nafaqat mamlakatni rivojlantirishning maxsus strategiyasi, balki inson kapitali va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy siyosatdir. Buning natijasida inson kapitalini takomillashtirib, moddiy farovonlik va sog‘lom turmush tarziga erishiladi. Inson kapitali har bir insonning individual kapital shaklidir. Inson qobiliyatlari, bilimlari, ko‘nikmalari va tajribasi har bir yosh shaxsning shaxsiy mulkidir.
2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi. Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.
Zamonaviy jamiyat rivojlanishining asosiy omili – ta’lim, sog‘liqni saqlash, professional ijodkorlik va axborot texnologiyalarning ilmiy hamda innovatsion taraqqiy etishi bilan yuzaga keladi. So‘nggi yillarda yosh avlodning hayotiy pozitsiyalari va intilishlari sezilarli darajada o‘zgardi.
Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlandi.
“Shuning uchun kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Xorijda ta’lim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.
Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi”, – ta’kidladi Mirziyoyev.
Shuningdek, Namangan tajribasi sifatida viloyatning olis hududlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari otaliqqa olinib, universitetning kafedra filiallari samari faoliyatini tashkil etib kelmoqda. Bu sa’y-harakatlarni zamirida yoshlar intellektual salohiyati, qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish hamda, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirib borishlari uchun xizmat qiladi.
Yosh pedagog o‘qituvchilar bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan xulosa qilishimiz mumkinki – talaba-yoshlarimizni ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borishga yo‘naltirish, hayotiy pozitsiyasini belgilashda hamfikr bo‘lishlik, ilmiy dunyoqarashi rivojlanishi, fikrlash mustaqilligi, yuksak ma’naviyatli mutaxassislar bo‘lib yetishishlarida mas’uliyat bilan yondashib munosib hissamizni qo‘shishga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhriddin SODIRJONOV,
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti,
“Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi