Anqarada joylashgan Turkiy tillar idorasi mezbonligida joriy yilning 16–17-dekabr kunlari IV Xalqaro onomastika simpoziumi o‘tkazildi. Mazkur nufuzli ilmiy anjuman turkiy tillar onomastikasiga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish, soha olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda ilg‘or tadqiqot natijalarini almashish maqsadida tashkil etildi.
Simpozium ishida Hindiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Boshqirdiston, Tuva, Turkiya va boshqa qator mamlakatlardan jami 56 nafar yetuk olim — fan doktorlari, professorlar, fan nomzodlari va dotsentlar ishtirok etdi. Anjumanda toponimiya, gidronimiya, antroponimiya, fitonimiya, zoonimiya hamda onomastikaning boshqa muhim yo‘nalishlariga oid ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi va mazkur sohalarning nazariy hamda amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur simpoziumda Namangan davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Nosirjon Uluqov tashkiliy qo‘mita a’zosi sifatida faol ishtirok etdi hamda sho‘ba yig‘ilishlaridan biriga raislik qildi. Shuningdek, u “Ob unsurli onomastik birliklar xususida” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashib, mavzuning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini asoslab berdi.
Simpozium yakunida professor Nosirjon Uluqov turkiy tillar onomastikasini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi hamda xalqaro ilmiy hamkorlikdagi faol ishtiroki uchun Turkiy tillar idorasining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.


