Bugun, 6-aprel kuni Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida yurtimiz talaba-yoshlari hayotida muhim oʻrin tutuvchi yirik sport loyihalaridan biri — “Yangi Oʻzbekiston talabalar olimpiadasi”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Respublika miqyosida markazlashgan holda tashkil etilgan ushbu ochilish marosimi doirasida Namangan viloyatidagi barcha oliy ta’lim muassasalari vakillari Namangan davlat universiteti sport majmuasida jam bo‘ldi.
Mazkur olimpiada doirasida talabalar o‘z iqtidor va salohiyatlarini voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika hamda suzish sport turlarida sinovdan o‘tkazadi.
“Yangi Oʻzbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalari uch bosqichda tashkil etiladi. Xususan, kompleks musobaqalarning birinchi bosqichi 6-apreldan 20-aprelga qadar oliy ta’lim muassasalari doirasida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqich 1–15-may kunlari hududiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Yakuniy — final bosqichi esa hududiy bosqich g‘oliblari ishtirokida Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida 1–10-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.