“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Kirgizbayevning “Raqobatga mos kadrlar berilayotgan bilim qanchalik sifatli bo‘lishiga bog‘liq” sarlavhali maqolasi chop etildi.


Ta’lim-tarbiya va ilm-fanni jadal rivojlantirish orqali barqaror, yuksak tafakkur va bilimga asoslangan taraqqiyotning ijtimoiy-iqtisodiy platformasini yaratish milliy strategiyamizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Bu borada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarning to‘laqonli ijrosini ta’minlash yangi O‘zbekistonning yuqori sur’atlarda rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi. Bugun turli sohalar qatori oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalar ko‘zlagan yuqori marralarimiz sari qo‘yilgan dastlabki qadamlardir.

Namangan davlat universiteti yoshlarga bilim va tarbiya berishda respublika oliy ta’lim tizimida o‘ziga xos o‘rin va yondashuvlarga ega muassasadir. Bugun universitetda STEAM fanlar va an’anaviy ta’lim yo‘nalishlari qatorida mehnat bozorida istiqbolli hisoblangan yurisprudensiya, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat muhandisligi, turizm, buxgalteriya, bank ishi, moliya va moliyaviy texnologiyalar kabi jami 47 ta mutaxassislik bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda. Bugungi kunda otaxon ta’lim dargohida 700 dan ziyod professor-o‘qituvchi qariyb 18 ming talabaga tahsil berib kelmoqda.

Mehnat bozorida malakali oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj tobora ortib borishi, yangi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilishi hamda yoshlarning oliy ta’limga qamrovi oshirilishi natijasida Namangan davlat universitetida ham qabul kvotalari va talabalar soni sezilarli darajada ortdi. Jumladan, 2024/2025-o‘quv yili uchun 1775 ta qabul parametri shakllantirilgan bo‘lsa, 2025/2026-o‘quv yili uchun 3885 taga yetkazildi. Kadrlar buyurtmachilari takliflari va mehnat bozori talabi asosida mutlaqo yangi 19 ta ta’lim yo‘nalishida talabalar qabuli tashkil etildi. Boshlanayotgan yangi o‘quv yilida bakalavriat bo‘yicha qabul yo‘nalishlari o‘tgan yildagi 24 tadan 43 taga, magistraturada 10 tadan 26 taga oshirildi. Yangi ta’lim yo‘nalishlari ochilishi yoshlarimizning o‘z xohish-istagidagi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qishi uchun keng imkoniyat yaratdi, universitetning ilmiy daraja va salohiyatga ega 100 dan ortiq professor-o‘qituvchisi uchun ish o‘rni saqlab qolinishiga ham erishildi.

Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Namangan davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Namangan davlat pedagogika instituti tashkil etilishi, universitet binolari va talabalar turar joylarini yangi tashkil etilgan institut tasarrufiga o‘tkazilishi universitetda yangi o‘quv binolari va talabalar turar joylarini qurishga turtki bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yilda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida universitet uchun 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi qurish bo‘yicha bergan topshirig‘i bu yerda qurilish-bunyodkorlik ishlari kengayishiga asos bo‘ldi. Uning ijrosi doirasida Namangan shahrining Yuksalish mavzesida yangi 2025/2026-o‘quv yilida 91 milliard so‘mlik 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi va 63 milliard so‘mlik 600 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurib bitkazilmoqda. Bundan tashqari, 1200 o‘rinli o‘quv binosi kapital ta’mirlandi, universitet hududida foydalanilmay kelinayotgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish asosida qo‘shimcha 800 o‘rinli o‘quv o‘rni ochildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari natijasida universitetda 2025/2026-o‘quv yilida o‘quv jarayonini 1 smenada, universitetning o‘z bino va inshootlarida tashkil etish imkoni yaratildi.

Universitetda asosiy o‘quv binosi rekonstruksiyasi hisobiga 1200 o‘rinli qo‘shimcha quvvatga ega o‘quv binosi, 8 ta zamonaviy laboratoriyani jamlagan Biologik tadqiqotlar markazi, 4 ta zamonaviy laboratoriyaga ega “Akvakultura” o‘quv-tajriba markazi hamda noan’anaviy xomashyo asosida ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Sukat ishlab chiqarish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlarga, ayniqsa, viloyatning olis hududlarida istiqomat qiluvchi hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun 6 ta xorijiy tilni o‘rgatishga ixtisoslashgan 400 o‘rinli Til o‘rganish markazi, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida milliy va innovatsion jihatlarni o‘z ichiga olgan 400 o‘rinli ma’naviyat va ma’rifat maskani, ta’lim-tarbiya jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishga hamda yoshlarni kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qitishga ixtisoslashgan AT parki, raqamli xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy registrator ofisi hamda 650 o‘rinli yangi talabalar turar joyi barpo etilgani ham oliy ta’lim islohotlarining yaqqol samarasidir.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish maqsadida universitetning 7 gektarli birinchi o‘quv binosi hududida o‘zida 10 ta komponentni jamlagan “yashil innovatsion hudud” barpo etildi. Uning 3 gektarida esa 17 ta fandan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazish imkonini beruvchi, dunyoning 5 ta mintaqasidan keltirilgan 4500 ta noyob daraxt va butani o‘z ichiga olgan ekobog‘ tashkil etildi.

Xorijiy investitsiyani jalb qilish orqali universitet moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun Jahon banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya tuzilmalari grant loyihalari hisobiga 9 ta o‘quv va ishlab chiqarish laboratoriyasi ochildi.

Xalqaro aloqalarni rivojlantirish Namangan davlat universiteti jamoasining ustuvor vazifalaridan biri. Ayni paytda universitet 50 dan ortiq mamlakatning 158 ta oliy ta’lim muassasasi bilan amaliy hamkorlik qilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, universitetda 3 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Universitetning eksport hajmini oshirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb qilish ko‘rsatkichi 2024-yildagidan joriy yilda 5 barobar o‘sdi. O‘quv jarayonlarini takomillashtirish uchun 5 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi ta’limga jalb qilingan. Joriy yilda universitetning 128 professor-o‘qituvchisi xorijga stajirovka va malaka oshirish kurslarida ishtirok etgan bo‘lsa, 114 nafar xorijiy mutaxassis Namangan davlat universitetida ilmiy tadqiqot va o‘quv jarayonlarida faol qatnashdi.

Shuningdek, 2024/2025-o‘quv yilida 83 talaba “Work and travel” dasturi bo‘yicha Germaniyaga tajriba orttirishga yuborildi. Xorijiy OTMlarning 48 talabasi Namangan davlat universitetiga amaliyot o‘tashga jalb qilindi. Tibbiyot sohasida tahsil olayotgan 31 talaba Hindistonning yetakchi tibbiyot muassasalarida klinik amaliyot o‘tash uchun yuborildi. Ayni paytda 3 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi Germaniyaning ASIIN tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi kutilmoqda. 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Fransiyaning Yevropa xalqaro universiteti bilan “Lingvistika (ingliz tili)” MA TESOL magistratura mutaxassisligi, Rossiya Biotexnologiya universiteti bilan hamkorlikda 3 ta qo‘shma ta’lim dasturi hamda Malayziyaning Utara, Xitoyning Ssizilin va Xitoy an’anaviy tibbiyot universitetlari bilan maqsadli talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida Qozog‘istonning xalqaro reytingda TOP-1000 talikka kirgan Y.A.Buketov nomidagi Qarag‘anda, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston hamda Chexiya, Ozarbayjon, Xitoyning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

O‘quv jarayonini tashkil etish va boshqarish hamda talabalar bilimini nazorat qilish tizimini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitetdagi mavjud 210 ta o‘quv auditoriyasi, sport inshootlarining barchasi ovozli videokuzatuv tizimi bilan jihozlandi. Mashg‘ulotlar tashkil etilishi va sifati to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn tarzda tahlil qilinmoqda. Talabalar bilimini baholash bo‘yicha o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonlari, bitiruv malakaviy ish, magistrlik dissertatsiyalari himoyalari universitet rasmiy veb-sayti orqali namoyish qilinmoqda. Dars mashg‘ulotlari va nazorat imtihonlarining ochiq axborot muhitida jamoatchilikka taqdim etilishi talaba va professor-o‘qituvchilarda mas’uliyat hissini oshirib, ta’lim jarayonida jamoatchilik nazoratini faol qo‘llash hamda korrupsiyaviy xavf-tahdidlarni keskin pasaytirishga zamin yaratmoqda.

Universitetimiz axborot-resurs markazi kitob fondi bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan. Markazda bugungi kunda jami 51 ming 540 nomdagi adabiyotlar mavjud. 14 ming 714 nomdagi adabiyotlar bosma va 36 ming 826 nomdagi adabiyotlar elektron formatga keltirilgan. Bosma adabiyotlarning umumiy nusxasi 178 ming 870 donani tashkil etadi. Kutubxona fondini yangi avlod adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 2024/2025-o‘quv yili mobaynida 961 nusxada darslik va o‘quv qo‘llanma xarid qilindi. Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 2024-yilda 235 ta, 2025-yilning birinchi yarim yilida 130 ta darslik va o‘quv qo‘llanma yaratildi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Namangan viloyatiga tashrifi davomida ham Namangan davlat universitetida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv dasturlarini yangilash va yangi adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha alohida vazifa yuklatilgan edi. Mazkur vazifa ijrosi doirasida o‘tgan o‘quv yilida tahsilning 1-bosqichida o‘qitiladigan, bevosita mutaxassislikka oid 92 ta fan o‘quv dasturlari oliy ta’lim muassasalarining xalqaro “TOP-300” reytingidagi nufuzli universitetlar ta’lim dasturlari asosida tayyorlandi. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida esa yuqori bosqichlarda o‘qitiladigan 602 ta fanning o‘quv dasturlarini yetakchi xorijiy universitetlarda keng qo‘llanilib kelinayotgan ta’lim dasturlari asosida tayyorlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Xalqaro “TOP-300” reytingidagi 72 ta xorijiy oliy ta’lim tashkilotining 442 ta ta’lim dasturi tahlili asosida o‘quv dasturlariga 256 ta yangi mavzu kiritildi, 103 ta mavzu optimallashtirildi, 281 ta o‘quv dasturi yangi avlod o‘quv adabiyotlari, jumladan, xorijiy adabiyotlar asosida tayyorlandi.

Shu o‘rinda ilmiy tadqiqot faoliyati xususida ham so‘z yuritsak. Namangan davlat universitetida hozir 36 nafar fan doktori, 279 nafar fan nomzodi va falsafa doktori faoliyat ko‘rsatadi. So‘nggi 3 oy davomida universitetda ilmiy salohiyat 10 foiz oshdi. Joriy yil oxiriga qadar universitetda ilmiy salohiyatni 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda universitetimizda jami 610 nafar izlanuvchi 38 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanyapti. Izlanuvchilar soni 2024-yildagiga nisbatan 34 foiz ortgan. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim samaradorligi 80 foizni tashkil etmoqda.

Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan joriy yilda 35 ta foydali model, 2 ta sanoat namunasiga patent guvohnomalari va 81 ta EHM dasturi uchun mualliflik huquqi guvohnomalari olindi. Hozir universitetda 6 ta ilmiy va amaliy loyiha va 14 ta xo‘jalik shartnomasi bajarilmoqda. Shuningdek, 9 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi 5 ta ilmiy kengash faoliyat yurityapti. Mazkur kengashlarda joriy yilning birinchi yarim yilligida 69 nafar izlanuvchi dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi. 

Jamoamiz yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga yo‘naltirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba va an’anaga ega. Ya’ni universitet kafedralari negizida umumiy 69 ta ilmiy tadqiqot to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Yoshlar bilan ishlash, talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, raqobatbardoshlik muhiti tobora rivojlanib borayotgan milliy oliy ta’lim tizimida Namangan davlat universiteti o‘z o‘rnini mustahkamlab, yangi reyting darajasiga ko‘tarilish, xalqaro oliy ta’lim va fan bozoriga chiqish uchun jiddiy yondashuv va amaliy chora-tadbirlarga ega. Bu yo‘lda universitet jamoasi o‘z oldiga bir qator vazifalarni qo‘ygan va ushbu vazifalarni to‘laqonli bajarish uchun yetarli ilmiy salohiyat va imkoniyat mavjud. 

Rivojlangan mamlakatlarda har bir faoliyat ilm-fan yutuqlariga asoslanadi. Shu ma’noda, biz, oliy ta’lim tizimi vakillari zimmamizdagi kuchli bilim, malaka, iqtidor va salohiyatga ega kadrlarni yetishtirishdek zalvorli vazifalarni ado etish yo‘lida bor kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarimizni sarf etmog‘imiz zarur. Ana shunday qat’iy maqsaddagi Namangan davlat universiteti jamoasining esa kelgusida yanada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonaman.

Abdug‘affor KIRGIZBAYEV

Namangan davlat universiteti rektori

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image