
Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turgʼunov bugun ijtimoiy fanlar fakulьtet ining professor oʼqituvchilari va talabalari bilan ochiq muloqot oʼtkazdi. Muloqot oʼquv jarayonlarining borishi, undagi yangiliklar, talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda istiqboldagi rejalar xususida kechdi.
Uchrashuv quvonchli onlar bilan boshlandi. Rektor Sobitxon Turgʼunov fakulьtet oʼqituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, arab tili va adabiyoti boʼyicha yetuk olim Muhammadjon Yusupovning qutlugʼ 80 yoshga toʼlishi munosabati bilan tabriklab, ustozning Namangan davlat universitetidagi koʼp yillik faoliyati, shogirdlarga ibrati, bosib oʼtgan samarali hayot yoʼli, malakali kadrlar yetishtirishga qoʼshayotgan ulkan hissasini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Oʼz navbatida, yubilyarga toʼn va doʼppi kiydirildi, esdalik sovgʼalari topshirildi. Shogirdlar ham oʼz tabriklarini izhor etdilar. Ustoz bunday eʼtibor va ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
Shundan soʼng samimiy muloqot boshlandi.
Аvvalo, taʼkidlash kerakki, joriy oʼquv yilida ijtimoiy fanlar fakulьtetida 610 nafar talaba tahsil olmoqda. Tarix va ijtimoiy fanlar kafedrasida 1 nafar akademik, 6 nafar professor, 32 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritmoqda. 3 ta taʼlim yoʼnalishi – tarix, sotsiologiya hamda arxeologiya yoʼnalishlarida talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Fakultet qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼygan. Аyniqsa, Qirgʼiziston Respublikasidagi Manas universiteti hamda Oʼzbek-Qirgʼiz universiteti bilan amaliy hamkorlik aloqalari tobora kuchayib bormoqda. Mazkur universitetlar bilan talabalar almashinuvi joriy qilingan, har yili turli mavzularda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʼtkazib kelinmoqda.
Namangan davlat universitetida taʼlim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi
Bundan tashqari, fakulьtetda iqtidorli talabalar viloyat va respublika miqyosida oʼtkazilayotgan tanlov va musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etishmoqda. Birgina 2024 yilda 4 nafar talaba nomdor davlat stipendiyalari sohiblariga aylandi.
Uchrashuvda rektor talabalarga soʼnggi yillarda universitetda amalga oshirilgan ishlar, bunyodkorlik loyihalari, yangi oʼquv binolari va laboratoriyalar barpo etilgani, ilmiy tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar haqida ham oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.
Xususan, oʼqitish jarayonini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni oʼquv jarayoniga tatbiq etish, qoʼshimcha toʼgaraklar va sport klublari faoliyatini yanada takomillashtirish boʼyicha amalga oshiriladigan rejalar haqida soʼz yuritilib, joriy yilda Yangi Namangan tumanida 7 qavatli yangi zamonaviy innovatsion fakulьtet bunyod etilib, bu yil foydalanishga topshirilishi, mavjud fakulьtetlar ham qayta rekonstruktsiya qilinib, barchasi eng soʼnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlanishi, qolaversa, yangi uslubdagi sport inshootlarining qurib foydalanishga topshirilishi ham talabalar uchun katta imkoniyatlar yaratishi alohida taʼkidlandi.
Namangan davlat universitetida taʼlim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi
Samimiy va ochiq muloqot davomida talabalar oʼzlarini qiziqtirgan savollarni berib, ularga atroflicha javob oldilar. Rektor talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni tinglab, ularga oʼzining ijobiy munosabatini bildirdi. Murojaatlar va takliflarni qisqa fursatlarda hal qilish uchun tegishli chora-tadbirlar koʼrilishini, har bir talabaning universitet hayotidagi faol ishtiroki juda muhimligini aytib oʼtdi. Talaba-yoshlarga oʼz ustida ishlash, izlanish, imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligini taʼkidlab, bu yoʼlda muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuv samimiy ruhda oʼtdi. Bu kabi muloqotlar boshqa fakulьtetlarda ham boʼlib oʼtadi va bu universitet salohiyatining yanada yuksalishi, talabalar va rahbariyat vakillarining oʼzaro yaqin aloqada boʼlishlari, muammo va takliflarning oʼz oʼrnida yechim topishida katta ahamiyat kasb etadi.